Falastinning G’azo Sektorini boshqarayotgan “XAMAS” harakati yetakchilari xalqaro vositachilar yordamida Isroil bilan chegara orti zo’ravonliklariga barham berishga kelishilgani haqida ma’lum qildi.
Kelishuvga ko’ra, “XAMAS” Isroil tomon raketa va portlovchi modda o’rnatilgan havo sharlarini uchirishni bas qiladi. Bunga javoban Isroil so’nggi haftalarda kuchaytirilgan G’azo qamalini yumshatishga rozi bo’ldi.
Isroil qamali natijasida koronavirus pandemiyasidan qiynalayotgan G’azo ahlining hayoti yanada og’irlashdi.
Misr, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Qatar vositachiligida erishilgan bitim natijasida aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan yangi loyihalar joriy etilishi aytilmoqda.
Oldingi norasmiy kelishuvga ko’ra, Isroil G’azoda harakatlanishga qo’yilgan cheklovlarni yumshatishga, G’azoga elektr quvvati ta’minotini oshirishga, 50 foiz atrofidagi ishsizlikni tushirishga qaratilgan yirik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga so’z bergan edi, biroq “XAMAS” yahudiy davlatini majburiyatlarini sust bajarayotganlikda ayblamoqda.
Isroil G’azodan yagona yuk o’tuvchi punkt darhol ochilishini, yonilg’i ta’minoti jonlanishini, 25 kilometrlik baliqchilik zonasi falastinliklarga qayta ochilishini ma’lum qildi.
Facebook Forum