Breaking News

AQSh Pokistonga harbiy yordamni to'xtatishi mumkin


Afg'oniston xavfsizlik idoralari tomonidan hibsga olingan "Haqqoniy" tarmog'i a'zolari. Kobul, 30-may, 2013-yil.
Afg'oniston xavfsizlik idoralari tomonidan hibsga olingan "Haqqoniy" tarmog'i a'zolari. Kobul, 30-may, 2013-yil.

AQSh Pokistonga beriladigan harbiy yordamni to’xtatishi mumkinligi xabar qilinmoqda. Bunga sabab sifatida Islomobodning “Haqqoniy” terror guruhiga qarshi yetarli darajada kurash olib bormayotgani keltirilgan.

Pokistonning mahalliy nashrlaridan birida yozilishicha, AQSh o’tgan yili Shimoliy Vaziristonda “Haqqoniy” tarmog’iga qarshi olib borilgan amaliyotlar ko’zlangan natijani bermadi, degan xulosaga kelgan.

Agar Obama ma’muriyati “Haqqoniy” tarmog’iga jiddiy zarba berilganini Kongressga isbotlab bera olmasa, Pokiston uchun ajratilgan harbiy yordam to'xtatib turiladi.

Pokiston nashri tarqatgan xabar bo’yicha AQSh rasmiylari hali izoh bergani yo’q. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ham munosabat bildirishni istamadi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Qozi Xalilulloh Islomobodning hozir bu masalani Vashington bilan gaplashayotganini aytib, savollarga aniq javob berishdan bosh tortdi.

Pokiston armiyasi Afg’oniston bilan chegaradosh viloyatlarda ekstremist guruhlarni nishonga olib keladi. Yakshanba kuni boshlangan oxirgi amaliyotda 150 terrorchi o’ldirilgani haqida xabar qilinmoqda.

AQSh va Afg’oniston rasmiylari “Haqqoniy” tarmog’iga Pokiston hukumati yordam berib kelganini iddao qiladi.

Agar Vashington harbiy yordamni to’xtatib qo’ysa, Islomobodning jangarilarga qarshi muvaffaqiyatli amaliyotlar o’tkazayotgani haqidagi da’volari shubha ostiga olinadi. Pokiston terrorchilarga boshpana berishi haqidagi Kobul ayblovlari esa yanada ishonarli ko’rinishi mumkin.

So’nggi paytlarda Kobul va unga qo’shni hududlarda qonli hujumlar soni ortishi ostidan Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani Pokistonga o’z noroziligini izhor qildi.

G’ani hokimiyatga kelgandan beri Afg’oniston-Pokiston aloqalari ancha iliqlashgan edi. Ammo Tolibon yetakchisi Mulla Umarning 2013-yil Karachidagi kasalxonada vafot etgani haqida xabar tarqalgach, munosabatlar yana keskinlashdi. Islomobod Mulla Umarning Pokistonda o’lganini inkor qiladi.

Tolibon rahbarining ikki yil muqaddam o’lgani haqidagi xabar Tolibon va Kobul o’rtasidagi muloqotning ikkinchi bosqichi boshlanishidan bir kun oldin oshkor bo’ldi. Natijada jangari guruh muzokaralardan bosh tortib, yana hujumlarga zo’r berdi.

Tolibon o’ziga Mulla Axtar Mansurni yangi yetakchi qilib saylagach, “Haqqoniy” tarmog’i rahbari Sirojiddin Haqqoniy uning ikki o’rinbosaridan biri etib tayinlangan. Pokiston esa tinchlik muzokaralari davom etayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG