AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisning Osiyoga safari chog’ida Shimoliy Koreya bugun ikkita ballistik raketa otdi. Qo’shni Yaponiya BMT tomonidan man qilingan sinovlarni qoralamoqda.
"Ular mamlakatimiz hamda mintaqa tinchligi va xavfsizligiga tahdid”, - dedi Yaponiya mudofaa vazirining o’rinbosari Toshiro Ino.
Harris Yaponiyaga kecha bordi. 8-iyul kuni namoyish paytida otib o’ldirilgan sobiq bosh vazir Shinzo Abening dafn marosimida qatnashdi. Tadbirda 4300 ga yaqin odam ishtirok etgan. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi, Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanez, boshqa mamlakatlardan amaldagi va sobiq rahbarlar Abe bilan vidolashdi.
Bugun Kamala Harris Yaponiyaning yarimo’tkazgichlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalari rahbarlari bilan muloqot qildi, ularni AQShda bu sohaga sarmoya qilishga chaqirdi. O’tgan oy AQSh Kongressi shu maqsadda 52,7 milliard dollarga teng subsidiyalar ajratishga doir qonun imzoladi.
AQSh vitse-prezidenti bugun Janubiy Koreyaga borib, Shimoliy Koreya bilan chegarada bo’lishi kutilmoqda.
U Tokio va Seulning AQSh bilan munosabatlarini yuqori baholadi.
"Yaponiya bilan ittifoqimiz Hind va Tinch okeani mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikning poydevoridir. Bu biz uchun, Amerika xalqi manfaatlari uchun ustuvor yo’nalishdir”, - dedi rasmiy.
Pxenyan Harrisning Shimoliy va Janubiy Koreya o’rtasidagi demilitarizatsiyalashgan hududga borish rejasini provokatsiya deya tanqid qildi.
"AQShning dushmanona siyosati sabab Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yadro kuchlari haqidagi qonunni qabul qilishga majbur bo’ldi”, - dedi bu mamlakatning BMTdagi elchisi Kim Son.
Amerikalik tahlilchilarga ko’ra, Shimoliy Koreya Vashington va Seul o’rtasidagi yaqin munosabatlardan xursand emas.
“Shimoliy Koreya o’z noroziligini o’ziga xos yo’l bilan ifoda etadi. Dam olish kunlari ular yana ballistik raketasini sinadi. Bir necha haftadan so’ng esa yadro qurolini sinashi kutilayapti”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Kris Jonston.
Tahlilchilar Harrisning mintaqadagi uchrashuvlaridan jiddiy natija kutmasligini aytadi. Ammo bu bilan uning safarini bemaqsad deb atab bo’lmaydi, deydi ular.
“Nazarimda Harris Yaponiya bosh vaziri va Janubiy Koreya prezidentini o’zaro munosabatlarni kuchaytirishga undab ko’radi. Chunki AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya birdamligi mintaqadagi muhim masalalarni hal qilishda qo’l keladi”, - deydi Jonston.
Facebook Forum