Breaking News

"Xarvi" dovuli asoratlari: Texasda nima gap?


Xyuston shahri
Xyuston shahri

AQSh Prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Texas shtatining “Xarvi” dovulidan zarar ko’rgan janubi-sharqiy hududlarini ko’zdan kechirdi. Tabiiy ofat asoratlariga qarshi kurashda federal hukumat shtatga yordam bermoqda.

“Xarvi” AQSh tarixida eng ko’p yog’ingarchilik keltirgan dovul bo’ldi. Ob-havoni kuzatish milliy xizmatiga ko’ra, Xyuston shahrida 125 santimetrgacha jala quygan.

Shaharning qayeriga qaramang, hamma joyni suv bosgan. Minglab odam evakuatsiya qilindi, ayrimlarni uyining tomidan vertolyotda qutqarishdi.

Prezident Tramp va rafiqasi Melaniya ofat zonasiga borib, vaziyat bilan tanishdi.

"Hozir hech kimni tabriklamaymiz. Hamma ishni bitiraylik, keyin”, - dedi u mahalliy mutasaddilar bilan uchrashuvda.

Shundan keyin davlat rahbari tarafdorlari bilan gaplashdi.

“Bu tarixiy voqea. Texasliklar bu muammoni hal qila olishiga ishonaman”, - dedi u.

Tramp ma’muriyati ilk bor tabiiy ofat bilan shug’ullanmoqda. Federal hukumat aynan qanday yordam berishi hozircha noma’lum. Xyustonda yana bir necha kun yomg’ir yog’ishi kutilmoqda, demak toshqin ham hali-beri pasaymaydi. Suv ketishi bilan qutqaruvchilar uyma-uy yurib, vaziyatni yaxhiroq baholash imkoniga ega bo’ladi, qurbonlar soni ham o’sishi mumkin.

Xyustondagi qutqaruv agentliklari toshqin oqibatida uyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan minglab odamlarni yotoq bilan ta’minlashga ulgurmayapti. 30 ming odam vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirilgan. Rasmiylarga ko’ra, tiklanish ishlari ancha vaqt oladi.

Xyustonda ba’zilar dovul tez o’tib ketadi degan umidda uyida qolgan edi, ammo jalalar tinmagach va yegulik tugagach, uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi.

Politsiya, o’t o’chiruvchilar, Milliy gvardiya va oddiy odamlar uyidan chiqolmay qolganlarga yordam bermoqda, 3500 odam qutqarilgan.

Seshanba kuni qutqaruv ishlariga 30 ta vertolyot jalb qilingan, biroq yaqin kunlarda ularning soni 100 ga chiqishi kutilmoqda. Agar vaziyat yomonlashsa, qo’shimcha 30 ming gvardiyachi hamda harbiy-dengiz kuchlariga qarashli kemalar safarbar etilishi mumkin.

"Harbiylar ham o’z hissasini qo’shmoqda”, - deydi gvardiya general-mayori Jeyms Vitxem.

Gumanitar tashkilotlar qutqarilgan odamlarni oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlamoqda.

Mamlakatning boshqa shtatlari va xorijdan ham yordam taklif etilmoqda. Xyustonning beysbol bo’yicha “Astros” jamoasi 4 million dollar xayriya qilishga qaror qildi.

Amerikaning taniqli insonlari ham turli jamg’armalarga pul o’tkazmoqda.

Dovuldan zarar ko’rgan rayonlarni tiklash qancha vaqt oladi va qanchaga tushadi? “Xarvi” hanuz hududda ekan, bu savolga javob hozircha ma’lum emas. Bundan tashqari, qurilish kompaniyalarida malakali ishchilar yetishmayapti; aeroportlar, bandargohlar, do’konlar va neft inshootlarining yopilgani ham moliyaviy zararni yanada yuksaltiradi.

Qutqaruv jamoalari mahallama-mahalla yurib, jabrdiydalarni qidirmoqda.

Amerika pudratchilari tashkilotiga ko’ra, tiklanish ishlarini tezlatish uchun qurilish sohasida 70 foizgacha malakali ishchi yetishmayapti.

Tashkilot bosh iqtisodchisi Ken Simonsonning aytishicha, natijada ko’p loyihalar kechikadi.

Pudratchilar tashkiloti o’quv maskanlariga murojaat qilib, qurilish sohasiga taalluqli qo’shimcha darslar kiritishni taklif etmoqda.

Kornell biznes kolleji professori Stiven Kaylning aytishicha, hududda qurilish ishlari boshlanmaguncha, dovuldan ko’rilgan umumiy moddiy zarar qancha bo’lishini oldindan bilib bo’lmaydi.

Texas shtati neftga boy bo’lib, dovul bu sohaning ham turib qolishiga, bu esa benzin narxining ko’tarilishiga sabab bo’ldi.

Xyuston bandargohi Amerikada beshinchi yirik port bo’lib, minglab konteynerlar turib qolgan, neft va boshqa turdagi yuk tashilmayapti, bu qo’shimcha zarar.

Odatda kuniga kamida 1600 reysga xizmat ko’rsatuvchi Xyuston aeroportlari ham hozir yopiq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG