“Xarvi” dovuli AQShning Texas va Luiziana shtatlarini qaqshatib, minglab odamlar hayotini xavf ostiga qo’ydi. Prezident Donald Tramp seshanba kuni eng qattiq zarar ko’rgan Xyuston shahriga borishi kutilmoqda.
Dovul oqibatida yuzaga kelgan toshqinlar bir metrdan yuqoriga ko’tarilib, bir ayol yo’lda nobud bo’lgan. Hukumat odamlarga yo’lga chiqmaslikni tavsiya qilgan.
"Mashinam ham, uyim ham suvga to’ldi”, - deydi bu yigit.
Ob-havoni kuzatish markazi xodimlariga ko’ra, Xyuston hali bunday tabiiy ofat bilan yuzlashmagan.
"Odamlarga uyda o’tiring deb aytmoqchiman. Suvdan saqlanishning yagona yo’li shu”, - deydi bir kishi.
Odamlar vertolyotlar, qayiqlar va maxsus transportda evakuatsiya qilinib, quruqroq joydagi boshpanalarga yetkazilmoqda. Aholiga uyining tomiga chiqib, sochiqni hilpiratish bilan qayerdaligini bildirish tavsiya qilinmoqda.
Texas gubernatori Greg Ebbot markaziy hukumat harakatlarini olqishladi.
“Texasliklar hayotini saqlash uchun ishimizni mahalliy rasmiylar bilan muvofiqlashtiryapmiz”, - deydi u.
Xyuston meri Silvester Tyornerning aytishicha, dovul shahar uchun sinov bo’ldi.
“Asabiylashmasak, hamma o’z ishini bilib qilsa, talafotlarimiz katta bo’lmaydi, shaharni qisqa muddat ichida yana oyoqqa qo’yamiz”, - deydi hokim.
Facebook Forum