Breaking News

Amerikadagi tabiiy ofatlar zarari hamon hisobsiz


O’t balosi, suv balosi bo’ladimi, tabiiy ofatning har qanday turi minglab odamlar hayotini ostin-ustun qilib yuborishi mumkin. Vaziyatni o’nglab olguncha ba’zan yillab vaqt kerak. To’fon urgan Puerto-Rikoning ba’zi orollari qariyb bir yildan beri elektr energiyasiz kun kechirmoqda. Kaliforniyadagi o’rmon yong’inida 10 mingdan ortiq xonadon vayron bo’lgan. Talofat zarari esa haligacha hisobsiz. Gavayi oroli hanuz sakkiz oy avval otilgan ulkan vulqon zararining tagiga yetish bilan ovora.

Gavayidagi Kilauea vulqoni so’nggi 36 yilda 62 marotaba harakatlangan. U oroldagi besh faol vulqondan biri. May oyidagi so’nggi otilish ortidan yana uyquga ketgan.

So’nggi uyg’onishda 825 million kubometr tuproq vulqon markaziga to’kilgan. Natijada uning ko’zi yopilib, lava yer osti tunnellariga qarab oqqan.

Issiq gaz, bug’ va jins bo’laklaridan iborat lava 20 kilometr naridan chiqib, 700 xonadonni vayron qilgan; 2 ming odam evakuatsiya qilingan. Xershel Xud 13 yildan beri orolda yashayotganlardan biri.

“Orol jannatning bir bo’ladigay edi. 4-5 kilometr narida okean. Velosiped haydab okean bo’yiga borardim. Organik dehqonchilik bilan shug’ullanardik. Tansiq mevalar, sitrus daraxtlardan tortib besh xil banangacha. Ajoyib tabiatimiz, yomg’ir-u quyosh va ayniqsa vulqonlar ta’siridagi tuproqda har qanday narsa yaxshi o’sadi”, - deydi u.

Vulqon oqibatida Xershel Xudning hovlisidagi yer yorilib ketgan. U o’zi bilan ikki mashinasi, bir qop kiyim va hujjatlarini olgan, xolos. Uch oy davom etgan vulqon harakatidan so’ng, hayotini yangidan qurishga majbur. Ofatdan jabr ko’rganlarga AQSh hukumati berayotgan moddiy yordam yetarli emas, deydi u.

Tim Loyd undan bir necha kilometr narida yashagan. Lava oqimi uning uyigacha yetib bormagan bo’lsa-da, hovlisi oroldan ajralib qolgan. Yangi yo’l qurilmagancha, Loyd uyiga kelolmaydi.

“Vulqonlar ustida yashaymiz. Bunday holatlar hayotimning bir qismi. Ko’nikib qolgan bo’lsak-da, odam boshiga tushmaguncha nima bo’lganini anglamas ekan. Bu yerda hammasi joyida ko’rinsa-da, aslida unday emas”, - deydi u.

Vayronagarchiliklarga qaramasdan, mahalliy aholi yashab turgan joyini tashlab ketgisi yoq. Ba’zi gavayiliklar vulqon otilishini hali-hanuz Gavayi orollarini yaratgan Pele xudosining ishi deb biladi. Har bir vulqondan hosil bo’layotgan lava oqimi esa orol sohilini kengaytirib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG