Shimoliy Koreya va AQSh aloqalari yanada keskinlashib, Pxenyan urushga shay ekanini eslatishda davom etar ekan, unga eng yaqin shtat Gavayi ogoh turibdi. Yadroviy xuruj bo'lsa, avvalo bu orollar jamlanmasi nishonga olinishi mumkin degan taxmin bor.
Dekabrdan boshlab, Gavayi xuddi sovuq urush davrida bo'lgani kabi sinovlar o'tkazishni boshlaydi, muntazam ravishda. Atom bombasi tushgan taqdirda aholi nima qilishi lozim? Qayerda jon saqlaydi, qay holatda? To'fon va tsunamilar yaqinlashayotgan paytda beriladigan e'lonlar singari informatsiya berib turiladi. Xullas, Gavayi urush ehtimoliga tayyorlanmoqda.
Sirena ovozlarini eshitsangiz, vahimaga tushmang, lekin beparvo bo'lmang, deydi Vern Miyagi, Gavayi shtati Favqulodda holatlar bo'yicha bosh rasmiysi.
Lekin uning o'zi Pxenyan urush boshlashiga ishonmaydi.
"Shimoliy Koreya biz yoki ittifoqchilarimizga qarshi o't ochsa, javob shunday dahshatli bo'ladiki, bu davlatning o'zi vayron bo'ladi va hozirgi tuzum poyoniga yetadi", - deydi Miyagi.
Gavayi orollarida bir yarim millionga yaqin odam yashaydi. Sayyohlar qadami arimaydi. Orollar Tinch okeanidagi muhim hudud, tijoriy markaz, yirik harbiy inshootlar joylashgan.
Miyagi nazarida orollar har qanday tahdidga tayyor turishi kerak. Jamoatchilik orasida targ'ibot ishlari avjida.
Bugungi manzara, deydi ko'plab amerikaliklar, Ikkinchi jahon urushini eslatmoqda. 1941-yilning 7-dekabrida Yaponiya Gavayiga hujum qilgan. Shundan keyin AQSh urushga kirgan.
Urush faxriysi Ted Tsukiyama:
"Sirenalar hamma yerda yangrab turar edi. Ketma-ket sinovlar. Radiodan vahimali xabarlar".
100 yoshga yaqinlashib qolgan Tsukiyama uchun bugungi holat vahima emas, lekin u ogohlik tarafdori. Uning fikricha, Gavayi Amerikaning eng sharqiy chegarasi, kontinentdan uzoqda, va shu bois ham dushmanlar osonroq nishonga olishi mumkin bo'lgan hudud.
"Lekin Shimoliy Koreya bizga hujum qilmaydi. Buning ustiga Yaponiya va Janubiy Koreya yaqin ittifoqchilarimiz bo'lsa. Ularga ham hamla qilolmasa kerak", - deydi veteran.
AQSh hukumatiga ko'ra ham Gavayi urushga tayyor turishi maqsadga muvofiq. Shimoliy Koreya raketasi orollarga 20 minut ichida yetib kelishi mumkin. U qayerni nishonga olayotganini aniqlash uchun 5 minutcha vaqt kerak. Bu degani odamlarni xavf haqida boxabar qilish uchun 12-15 minut vaqt bo'ladi.
Miyagi Gavayi ahlidan tayyorgarlikka jiddiy qarashni so'ramoqda.
"Shay turib hech narsa yutqazmaymiz”, - deydi rasmiy.
"Bomba tushsa, baribir o'lamiz deydiganlar ko'p. Tayyor tursak, 80-90 aholining hayotini asrab qolamiz".
Har bir odam qayerda jon saqlash mumkinligini bilishi shart, deydi Miyagi. 48 soatga yetadigan ovqat va suv bo'lsin, deydi u, boshqa kerakli narsalar ham ikki haftaga mo'ljallangan bo'lsin.
Facebook Forum