Breaking News

S gepatitiga davo bor, ammo juda qimmat


S gepatitini davolashda qo'llaviladigan "sovaldi" tabletkalari
S gepatitini davolashda qo'llaviladigan "sovaldi" tabletkalari

S gepatitiga qarshi ishlangan yangi vaksina samarali bo’lsa-da, juda qimmat ekani aytilmoqda. Avstraliyaning Melburn shahrida SPID bo’yicha o’tgan xalqaro anjumanda faollar bu dorini ishlab chiqaruvchi kompaniyani preparat narxini haddan tashqari oshirganlikda ayblab, namoyish qildi.

Dorining nomi Sovaldi. AQSh Dori-darmon va oziq-ovqat boshqarmasi uning kuchini, foydasini yuqori baholadi. Bu preparat o’tgan yili tasdiqlangan. Sinov jarayonida S gepatiti bilan kasallanganlarning aksariyati shifo topdi, hech qanday zarari kuzatilmadi.

Dorini ishlab chiqargan “Gilead Sciences” kompaniyasi vitse-prezidenti Greg Altonning aytishicha, preparat yordamida bir vaqtlar davosi bo’lmagan S gepatitini endi davolash mumkin.

"Buning ehtimoli 90 foizdan ko’p", - deydi u.

Lekin muammo shundaki, bir dona tabletka ming dollar turadi. To’liq muolaja uchun 12 hafta davomida har kuni bitta tabletkadan ichishi kerak. Bu esa 84 ming dollar degani.

Bu rivojlangan davlatlar aholisi uchun ham ko’p pul degani. Biroq S gepatitiga chalinganlarning aksariyati rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. Shu sabab Melburndagi anjuman paytida namoyishchilar “Gilead Sciences” vakillarini har xil xitoblar bilan izza qilishga harakat qildilar. Kompaniya dorini qimmatga sotib, boyishni maqsad qilgan, insonlar taqdiriga esa befarq, deydi ular.

Angliyaning Liverpul universiteti o’tkazgan tadqiqot natijalariga ko’ra, “sovaldi” tabletkasining tannarxi bir necha sent. Kompaniya har bir donasini bir dollarga pullasa ham ancha foyda ko’rishi mumkin, deyiladi hisobotda.

Biroq farmatsevtik kompaniyalar dorilar ustida ish, izlanish, tadqiqot va sinovlar milliardlab dollarga tushishini aytadi. Preparatni ishlab chiqarishga sarflanadigan pul umumiy sarmoyaning kichik bir ulushini tashkil qiladi, xolos, deydi ular.

Greg Altonning aytishicha, “Gilead Sciences” turli mamlakatlar uchun narxni turlicha belgilaydi. Masalan, S gepatiti eng ko’p kasallangan Misrda bemor “sovaldi” uchun bir oyda 300 dollar to’laydi.

Kelajakda dori ishlab chiqaruvchi ayrim korxonalarga litsenziya berishni rejalaganmiz. Shunda ular “sovaldi”ni o’zlari ishlab chiqaradi, narxi ham ancha tushadi, deydi Alton.

"Agar VICh muolajasiga qiyoslaydigan bo’lsak, bizning dori kasalni davolaydi. 12 hafta yoki uch oy davolanasiz va sog’lom bo’lasiz. Umringizning oxirigacha muolaja olmaysiz. VICh xronik kasallik bo’lgani uchun uni umrbod davolash zarur. Shu sababdan bizning muolaja VICh ga qaraganda arzonroq. Kelajakda dorining narxini yanada tushirishga harakat qilamiz", - deydi kompaniya vitse-prezidenti.

Karin Kaplan Nyu-Yorkdagi Muolaja harakat guruhida ishlaydi. Bu xalqaro tashkilot gepatit va VICh ni davolash siyosatini targ’ib qiladi va kuzatadi.

"“Gilead Sciences” kompaniyasi muolaja narxini asoslab bersin. Masalan, nega Yevropa va Amerikada 84 ming dollar, boshqa mamlakatda esa ikki ming dollar? Nega ular hammaning hamyoniga to’g’ri keladigan narxni belgilamayapti", - deya so’raydi Kaplan.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, gepatit insonning jigariga ta’sir qiladi. Dunyo bo’ylab 150 million odamda uning xronik shakli mavjud. Virus qon, shprits yoki jinsiy aloqa orqali yuqishi mumkin. VICh bilan kasallanganlarda S gepatitiga chalinish ehtimoli yuqori bo’ladi. Uning alomatlari darrov bilinmaydi va jigar rakiga olib kelishi mumkin.

“Gilead Sciences” mo’maygina pul qilmoqda. Kompaniyaning o’tgan hafta ma’lum qilishicha, joriy yilning ikkinchi choragida “sovaldi” preparati 3,5 milliard dollar daromad keltirdi.

Karin Kaplan men erkin bozor tizimiga qarshi emasman, deydi.

"“Gilead”ning pul qilishiga qarshiligim yo’q. Bu korporatsiya daromad uchun ishlaydi. Dorilarni yaratgan kompaniyalar sarmoya qiladi va buning foydasini ko’rishi kerak, buni tushunamiz va qabul qilamiz. Ammo bu firmalarning narxni belgilash siyosati qorong’i, odamlarning imkoniyatlarini hisobga umuman olishmaydi", - deydi faol.

Gepatitning barcha turlari har yili dunyoda jami bir million insonning hayotiga zomin bo’ladi. Bu har yarim soatda bir kishi degani. Shunday ekan, muolajaga muhtoj odamlarda dorining narxi bo’yicha munozaralarni tinglashga vaqt yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG