Los-Anjeles shahriga kelayotgan sayyohlar Gollivudda kinostudiyalar va boshqa joylarni tomosha qilishni yaxshi ko'radi, lekin shaharda kinoga bag'ishlangan muzey bo’lmagan. Amerika Kinoakademiyasi ana shunday muzey qurilishiga homiylik qilmoqda.
Los-Anjelesga kelayotgan sayyohlar odatda Gollivudni tomosha qilish uchun kirib o’tishadi. Bu yerdagi "Dolbi Teatri" har yili "Oskar" sovrini taqdimoti o’tkaziladigan joy.
Sal narida qurilayotgan yirik majmua shahar aholisi va sayyohlarni bog’lashi kutilyapti.
Homiylar va studiyalar rahbarlari muzey uchun mo’ljallangan joyni borib ko’rishdi. Aslida 1920-yillarda Gollivudning yorqin yulduzlari shunday g'oya bilan chiqishgan edi.
“Reja qandaydir sabablarga ko’ra amalga oshmagan va nihoyat qurilishni boshlab yubordik. Muzey 2019-yilda ishga tushadi. Los-Anjelesga loyiq kinofilmlar muzeyi bo’ladi”, - deydi inshoot direktori Kerri Broger.
388 million dollarlik majmuada ming kishilik kinoteatr, studiya maketlari, 3D format va so’nggi texnologiyalar orqali tasvirlanadigan ko’rgazma zallari bo’ladi. Unda klassik qahramonlar kostyumlarini ham tomosha qilish mumkin.
“Majmuaga kirishning o’zi kutilmagan bir sarguzashtday bo’ladi. Masalan, tarixni kashf qilayotgan tomoshabin o’sha zamonga qaytib qolganday his qiladi.”
Muzeyni qurishdan ham maqsad shu.
“Sayyohlar sanoat haqida ko'proq ma'lumot olishni istaydi, ammo bunday joylar yo'q. Endi esa muzeyga borishlari mumkin”, - deydi Los-Anjeles hokimi Erik Garsetti.
Muzey ishga tushsa, shaharning mashhur kino sanoati va biznes ehtiyojlari ham qondiriladi.
Facebook Forum