Dunyo bo’ylab 90 ga yaqin nashr boshpanasiz insonlar tomonidan chop etiladi. Amerikada bunday gazetalardan 20 tasi mavjud.
Poytaxt Vashington ko’chalarida ulardan biri “Street Sense”- “Ko’cha gaplari” gazetasini sotib yurgan odamlarga ko’zingiz tushadi.
2003 yilda tashkil etilgan gazetaning adadi 10 mingdan ortiq. Ijodkorlar ham ko’cha odamlari.
Chorshanba kuni chop etiladigan bu gazetaning hatto o’z binosi ham yo’q. Vashington markazidagi cherkovlarning birida joylashgan tahririyatda atigi ikki kishi maosh olib ishlaydi. Qolganlar ko’ngillilar. Muxbirlar qalam haqi ham olmaydi.
Oyiga ikki marta 14 ming soni dunyo yuzini ko’radigan bu gazetani shahar bo’ylab ko’chada yashovchi, uysizlar sotadi. Nashrning ikki sahifasi tahririyat a’zolari yozgan maqola, xabarlar bilan to’ldirilsa, qolgan 14 sahifasi uyidan ajralgan, ayni damda ko’chada qo’lgan ijodkorlarning hikoya, she’r va maqolalari bilan boyitiladi.
Mari Otto, gazetaning bosh muharriri. U nashriyotga “Vashington Post” gazetasidan kelgan. Boshpanasizlar gazetasida ishlashdan avval yo’qsillar haqida bir necha maqola yozib, qator mukofotlar olgan.
“Uysizlar ikki toifaga bo’linadi. Birinchi toifa - vatqincha boshpanasiz qolganlar. Ikkinchisi guruh esa umrbod ko’chada”,- deydi u.
Ko’p hollarda, deydi Meri Otto, uyidan ayrilib ko’chada yashovchilar odamovi bo’lib qoladi. Ular orasida ruhiy kasallar ham ko’p uchraydi.
Shuning uchun bu toifa odamlar xalq orasiga qo’shilib, kirishib ketmaydi.
“Biz bilan hamkorlik qilayotganlar esa maxsus treyningdan o’tkaziladi”, - deydi bosh muharrir.
Treyning nihoyasiga yetgach har bir ishtrirokchiga 10 dona gazeta tekinga beriladi. Undan keyin uysizlar gazetani 35 sentdan sotib olib, ko’chada bir dollardan sotadilar. Foydaning hammasi o’zlariga.
Gazeta xodimi Liza Jilespining aytishicha, nashr yo’qsillar hayotida katta ahamiyatga ega.
“Boshqa ommaviy axborot vositalari ko’chada qo’lgan odamlar hayoti haqida bizchalik ko’p ma’lumot bermaydi”,- deydi u.
Vida Simpson “Strit Sens” gazetasini to’rt yildan beri sotadi. Uning doimiy o’quvchilari bor. Ba’zilar gazetaga mushtariy bo’lsa, boshqalar bu ayolning mayin ovoziga shaydo. Gazeta sotishdan avval Vida ham uysiz edi. Hozir u va uning sakkiz mushugi yashashga joy topgan.
Birgina gazeta boshpanasizlar muammosini hal qilib qo’ymaydi. Lekin bu nashr bu insonlar ovozi. Gazeta ularning dardini keng jamoatchilikka yetkazadi, ularga umid beradi.