Breaking News

Britaniya gonkongliklarga fuqarolikka yo’l ochishi mumkin


Roppa-rosa bir yil oldin Gonkongda minglab namoyishchilar ko’chaga chiqib, hukumatdan jinoyatda gumon qilinganlarni sudlash uchun Xitoyga topshirishni ko’zlovchi qonun loyihasiga qarshi chiqqan edi. Ko’p oylik norozilik namoyishlari natijasida hujjat bekor qilingan, biroq omma boshqa talablarni olg’a surishda davom etdi.

Xalqaro hayot - 17-iyun, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:20 0:00

2020-yilga kelib koronavirus pandemiyasi sabab ko’chalar bo’shab qoldi. May oyida Pekin Milliy xavfsizlikka doir qonun loyihasini ma’qulladi. Ayrimlar hujjat Gonkongda siyosiy erkinliklarga barham beradi deya, uni tanqid qilmoqda.

Orolning Xitoy hukumati tasdig’idan o’tuvchi rahbari ushbu hujjatni olqishladi.

“Gonkong xalqi barqarorlik qaytishini istaydi”, - dedi Kerri Lam.

Britaniya qonun loyihasi 1997-yilda imzolangan Xitoy-Britaniya qo’shma bayonotiga xilof ekanini ma’lum qildi. Bayonot Britaniya Gonkongni Xitoyga topshirishi ketidan qabul qilingan edi.

“Gonkong muxtoriyatini, undagi erkinliklarni himoya qilamiz deb, xalqiga tarixiy va’da berganmiz. Xitoy ham shunday qilgan”, - deydi Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab.

Britaniya hozirgi vaziyatdan chiqish yo’lini taklif etmoqda.

Gonkongni Xitoyga topshirishdan oldin Britaniya orol aholisiga xorijdagi britaniyaliklar uchun beriladigan pasportlar tarqatgan edi. Ayni damda 350 ming gonkonglikda shunday pasport bor. Yana 2,5 million odam ariza berishi mumkin.

London ushbu pasport egalari va ularning oila a’zolariga Britaniyaga ko’chib, 5 yilda fuqarolikni berishni ko’zlovchi qonun loyihasini taklif etmoqda.

“Britaniya rejasi amalga oshsa, iste’dodli odamlarning ma’lum miqdori Gonkongni tark etishi mumkin. Pekin Gonkong gullashini istaydi, biroq iste’dodli gonkongliklarni nima qilib bo’lsa ham olib qolish niyati yo’q. Ayniqsa ushbu iste’dodlarning ba’zilari Pekin nazarida to’polonchi ekanini hisobga olganda”, - deydi London universiteti professori Stiv Tsan.

Qonun loyihasi qabul qilingunga qadar britaniyalik vazirlar xorijdagi britaniyalik pasporti egalariga mamlakatga kirishni osonlashtirmoqchi. Bu London siyosatida 1997-yildan beri eng katta burilish, deydi “Gonkong Uotch” tashkilotidan Jonni Patterson.

“Bu juda ham muhim o’zgarish, Britaniyaning immigratsiya sohasida saxiy va ma’noli burilish. Buning natijasida Xitoy bilan munosabatlar keskin o’zgarib ketish ehtimoli bor”, - dedi ekspert.

Biroq professor Tsanning aytishicha, Britaniya taklifida aniqlik yetishmaydi.

“Bu ataylab o’ylangan mavhumlik. Britaniya hukumati Gonkong xalqiga “siz unutilganingiz yo’q” deyish bilan birga Xitoy hukumatini qo’li ostidagi choralari xususida ogohlantirmoqda. London Pekin o’zini bosib olishiga umid qilmoqda”, - deydi siyosatshunos.

Biroq Xitoyning ta’kidlashicha, gonkongliklarga Britaniya fuqaroligini berish 1997-yilgi qo’shma bayonotga xilofdir. Shu kungacha London bu xulosaga qo’shilib kelayotgan edi, biroq Xitoyning Gonkongda xavfsizlikka doir yangi qonunni joriy etish harakatlari vaziyatni o’zgartirib yubordi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG