Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot - "Human Rights Watch" (HRW) O'zbekistonda ikki siyosiy mahbus ozod etilganini olqishlab, boshqalar hali qamoqda, deya eslatmoqda.
2006-yildan beri panjara ortida o'tirgan A'zam Farmonov va 2008-yilda qamalgan Solijon Abdurahmonov, qiynoqlarni boshdan kechirgan tutqunlar, kecha va bugun erkinlikka chiqdi.
Farmonov huquq faoli, Abdurahmonov esa jurnalist. Har ikkisi tuzumni tanqid qilgani uchun sudlangan, asossiz, soxta ayblar bilan zindonband qilingan, deb keladi huquq himoyachilari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ularni jazo muddati bitmay turib ozod etishni buyurgani to'g'ri qadam va siyosat, deya maqtamoqda HRW.
Biroq shu kunlarda O'zbekistonda yangi siyosiy mahbuslar paydo bo'ldi. Biri - hozirda Milliy Xavfsizlik Xizmati qo'lida hibsda olib o'tirilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev. U tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblanib, uzoq muddatga qamalishi mumkin. Yaqinlari va safdoshlari MXX uni butkul yo'q qilib yuborishi, o'ldirishi mumkin deya qattiq xavotirda. Jurnalistning oilasi keskin bosim ostida ekani ma'lum.
O'zbekiston Xalq harakati, xorijdagi muxolifat, bildirishicha, Abdullayev bir necha yildan beri Usmon Haqnazarov taxallusi ostida shov-shuvli maqolalar taqdim etgan kelgan shaxsdir. Bu materiallarda tuzumdagi ichki ziddiyatlar, rahbariyatdagi nayrang va o'yinlar, prezident va uning oilasi, mafiya va MXX xususida gap ketar edi.
27-sentabr kuni Turkiyadan, ikki yillik hibsdan qaytgan yozuvchi Nurulloh Muhummad Raufxon aeroportda hibsga olindi va ikki kun o'tib, qo'yib yuborildi. Biroq tergov ishi yopilmagan. Adib - islom va siyosat haqida tanqidiy kitob muallifi.
HRW O'zbekiston hukumati bilan mamlakatda ishni qayta boshlash yuzasidan muloqot boshlagan, uchrashuvlardan mamnun. Tashkilot vakili Stiv Sverdlov deydiki, O'zbekiston rahbari huquq va adolat ta'minoti haqida aniq bayonotlar bilan chiqmoqda va ularga amal qilinsa, vaziyat yaxshilanishi muqarrar.
Mirziyoyev, xususan, O'zbekistonda hech kim erkin fikri uchun jazolanmasligi kerak, degan. Demak, deya eslatmoqda HRW, barcha siyosiy mahbuslar ozod etilib, boshqalarning huquqlari ham hurmat qilinishini ta'minlash lozim.
Mirziyoyev prezentlikka kelganidan beri yetti nafar siyosiy mahbusga erkinlik berildi.
Demokratik islohotlar jadallashib, tuzum oshkoralik va adolat tarafdori ekanini isbotlashi zarur, deydi huquq himoyachilari.
Yaqinda prezident AQShga BMT yillik sessiyasiga kelganida kim bilan uchrashmasin, islohotlar hammaga umid berayotgani, xalqaro hamjamiyat respublikaga bu borada yaqindan yordam berib, quvvatlashga shay ekani aytildi, jumladan Jahon Banki, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi, biznes va siyosiy doiralar hamda BMT rahbariyati.
HRW hukumatni Bobomurod Abdullayevni ozod etishga chaqirmoqda. Nurulloh Muhammad Raufxonga qarshi tergov bekor qilinsin, deya undamoqda tashkilot.
“Tanqidchi jurnalistlar va yozuvchilarning qamoqqa olinishi endigina barq urayotgan umidlarni puchga chiqaradi. O'tmishdan qolgan siyosatdan chekinib, xalqaro me'yorlarga rioya qilgan holda asossiz va soxta ayblab bilan ushlab turilganlarni qo'yib yuborish kerak", - deydi HRW vakili Sverdlov.
Facebook Forum