Uyali aloqaning yangi, 5G texnologiyasi mijozlarga endi-endi taklif etilarkan, xavfsizlik masalasi qizg’in muhokama etilmoqda. AQSh hukumati Xitoyning yirik telekommunikatsiya kompaniyasi “Xuavey”ni (Huawei) qora ro’yxatga qo’shib, mamlakatlardan 5G texnologiyasini tatbiq etishda “Xuavey” xizmatlaridan foydalanmaslikka chaqirmoqda.
Ko’plab uyali aloqa kompaniyalari “Xuavey” bilan mahsulotlari va uskunasining arzonligi uchun hamkorlik qilib keladi. AQSh uni Xitoy hukumatiga bog’lab, yangi texnologiyani josuslik maqsadida ishlatishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. “Amerika Ovozi” yaqinda kompaniyaning Xitoydagi bosh qarorgohida bo’ldi.
5G texnologiyasi 10 baravar yuqori tezlikda ishlashi kutilmoqda. Bu texnologiya odamlar, uylar, avtomobillar, sanoatlar, shaharlarni bir-biriga bog’laydi. Bu esa bizneslar uchun yaxshi imkoniyat. Shu bilan birga, tarmoqlar, ma’lumotlar va xavfsizlik kibertahdid nishoniga aylanadi.
“Inson faoliyati butunlay onlayn shaklga o’tmoqda. Tashvishlanarlisi shuki, 5G joriy etilishi bilan hamma narsa internet orqali qilinadi”, - deydi kiberxavfsizlik bo’yicha xitoylik ekspert Karl Li.
“Xuavey” 5G tarmog’ini yaratishda dunyoda yetakchi kompaniyalardan. “Amerika Ovozi” uning mamlakat janubidagi Shenchjen shahrida joylashgan qarorgohiga tashrif buyurdi.
Qo’shma Shtatlar “Xuavey” Xitoy hukumatiga aloqador ekanini da’vo qilarkan, Pekin kelajakda kompaniya mahsulotlaridan josuslik uchun foydalanishi mumkinligidan xavotirda.
“Xuavey” bu da’volarni inkor etmoqda.
“Bugun dunyo bo’ylab to’rt milliard odam mahsulotlarimizdan foydalanadi. Agar biz ularning ma’lumotlarini o’g’irlasak, provayderlarimiz bundan ogoh bo’ladi va biz bilan ish qilishni to’xtatishadi”, - deydi kompaniya so’zlovchisi Jo Kelli.
“Xuavey” asoschisi Jen Jenfey sobiq harbiy muhandis bo’lib, 1987-yilda Shenchjen shahrida 5 ming dollar bilan biznes boshlagan.
O’tgan yili kompaniya daromadi 100 milliard dollardan oshdi. Vashington uni jahon bozorlaridan siqib chiqarishga harakat qilsa-da, birinchi chorakda o’sish kuzatilgan.
Jen Jenfeyning aytishicha, shu kungacha hech bir mamlakat undan josuslikda yordam so’ramagan. Agar shunday bo’lsa, biznesni yopaman, degan u.
Biroq Kommunistik partiya hukmron Xitoyda bunday va’dalarga ishonish qiyin. Prezident Si Zinpin partiya jamiyatning barcha jabhalarini nazorat qiladi, deb aytgan.
“Xuavey” shubhalarga barham berish maqsadida hukumatlar bilan josuslik qilmaslik haqida shartnoma imzolashga tayyor ekanini bildirgan.
Facebook Forum