Breaking News

"Xabl" teleskopining missiyasi 5 yilga uzaytirildi


Xabl fazo teleskopi
Xabl fazo teleskopi

“Xabl” (Hubble) fazo teleskopi qanday ishlashini bilasizmi? Teleskopning o’zi kosmosda bo’lsa-da, kompyuterlar orqali Yerdan turib boshqariladi. “Amerika Ovozi” yaqinda Merilend shtatidagi Robert Goddard nomli fazoni boshqarish markazida bo’lib, “Xabl” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

“Xabl” teleskopi 26 yildan beri koinot haqida foydali va olamshumul ma’lumotlar yuborib turadi. Bu sun’iy yo’ldosh eskirganiga qaramay, 80 muhandisdan iborat ilmiy-texnik jamoa uning umrini uzaytirishga harakat qilmoqda.

“Goddard markazidagi ishimizning bir qismi ehtimoliy muammolarga tayyor turib, ularni hal qilish yo’llarini izlash, muammo paydo bo’lgudek bo’lsa, uni zudlik bilan hal qilishdan iborat”, - deydi "Xabl" boshqaruvchisi Oliviya Lyupi.

Turli mamlakat astronomlari “Xabl” xizmatidan foydalanishni iltimos qilib turadi va har hafta unga yangi vazifalar yuklanadi.

“Xabl”dan unumli foydalanish uchun bizga kelayotgan murojaatnomalarni eng samarali yo’l bilan tartibga solish ishimizning eng og’ir qismi. Apparatning ishsiz turishini istamaymiz”, - deydi Fazo teleskopi ilmiy institutidan Merl Raynxart.

“Xabl” yordamida olingan ma’lumot asosida astronomlar koinotning yoshini aniqlashga, kometalarning Yupiter bulutlariga urilishini ko’rishga, yangi tug’ilgan yulduzlar atrofidagi sayyoralarni hosil qiluvchi disklar tasvirlarini ilk bor tushirishga muvaffaq bo’ldi.

Teleskop hali ham yaxshi ishlayotgani bois NASA uning missiyasini yana besh yilga uzaytirdi. 2018-yilda fazoga Jeyms Veb teleskopi uchirilishi kutilmoqda.

“Xabl” va “Veb” bir-birini to’ldiradi. “Xabl”, asosan, optik va ultrabinafsha teleskop. “Jeyms Veb” esa infraqizil teleskop. Ikkisi kuchli jamoa tashkil etadi", - deydi "Jeyms Vebb" loyihasi rahbari Malkolm Nidner.

Jeyms Veb fazo teleskopini yasash va sinovdan o’tkazish ishlari hali yakunlanmagan. Olimlar ikki apparatning koinotdagi hamkorligini sabrsizlik bilan kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG