Ogayo davlat universitetida 13 yildan beri Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati hamda o’zbek tilidan dars berib kelayotgan Hulkar Matchon bu yili o’z faoliyatini yakunlar ekan, professorni suhbatga tortdik.
Hulkar Matchonni vatanda ham, xorijda ham biladiganlar ko'p. Pedagog borki, o'quvchilari va talabalari bilan faxrlanadi, chunki ular - uning mehnati mahsuli. Mutaxassis "Amerika Ovozi" bilan telefon muloqotda o'z shogirdlari haqida ilhomlanib gapirib berdi.
Yosh avlodga bilim bergan odam hech qarimaydi, deyishadi. Hulkar Matchon "shu kunlarda betobman" deydi, biroq ayol bilan yarim soatdan ko'p so'zlashib, shuni bildikki, u hamon g'ayratga to'la.
Hulkar Matchon - Samarqand farzandi. O'zbekistonning atoqli adibi Omon Matchonning jiyani. Falsafa fanlari doktori Samarqand davlat universiteti va boshqa dargohlarda dars bergan va taqdir taqozosi bilan Amerikaga kelib qolib, ilmiy faoliyatini yangidan boshlagan. Bu vatandoshingiz aynan ona yurtda olgan bebaho ilmi va orttirgan tajribasiga tayanib, AQShda ish topgan, ishonch va hurmat qozongan.
Suhbatimiz avvalo Hulkar Matchonning AQShdagi ishi xususida kechdi, shuningdek, boshqa muhim mavzular haqida ham gaplashdik: vatan bilan uzilmas rishtalar, bugungi yoshlar, ilm izlayotganlarga maslahat, musofirlikda yurganlarning ona yurtga ta'siri, tirikchilik va ma'naviyat.
Marhamat, tinglang:
Hulkar Matchon o'z shogirdlariga o'zbek tilini lotin va kiril alifbolarida o'rgatadi. Hozirgi zamonda har ikkisini bilgan ma'qul. Talabalar o'zbek tili va mintaqani qanchalik o'rganganini quyidagi videolarda ko'rasiz. "Amerika Ovozi" muxlislari uchun maxsus tayyorlangan video murojaatlar va dars paytida olingan tasvirlar.