Turizm bilan shug’ullanuvchi meksikalik yosh tadbirkorlar 2019-yil “Xalt sovrini”ga sazovor bo’lib, sobiq prezident Bill Klinton qo’lidan bir million dollarga chek oldi.
“Bu yoshlar kelajagimizning eng yorqin umidlari. Ular turli mamlakatlardan bo’lib, o’zlarini birlashtirayotgan g’oyalarni muhim deb biladi”, - dedi Klinton.
Bosh sovrinni qo’lga kiritgan sayyohlik kompaniyasi Meksikaga tashrif buyurayotgan sayyohlarga mamlakatning qishloq joylarida yashovchi tub aholi bilan bog’lanishga yordam beradi.
“Meksikaga borib, kompaniyaning boshqa xodimlari bilan quvonchimizni baham ko’rishni xohlaymiz. Sahnada to’rt kishi bo’lsak-da, sovrinimizga biz bilan ishlayotgan mahalliy jamoalar ham sherik”, - deydi “Rutopia” kompaniyasidan Emiliano Itturiaga.
Unga ko’ra, kompaniya tub aholi yoshlariga turlarni tashkillashtirib, internet orqali sotishga, xorijliklarga esa mahalliy madaniyatni asl shaklida his etishga yordam beradi.
“Ishsiz yoshlarni o’z qishloqlarida muvaffaqiyatli turizm tadbikorlariga aylantiramiz”, - deydi Itturiaga.
“Xalt sovrini jamg’armasi”ga 2009-yilda asos solgan Ahmad Ashqarning aytishicha, ushbu tashabbus dunyo bo’ylab talabalarni biznesga o’zgacha yondashishga ilhomlantiradi.
“Men sarmoya sohasi bankiri bo’lib ishlaganman. Ota-onam qochqin bo’lgan. Ular o‘z maqsadlariga erisha olmagan, mening ham jamiyatga foydam tegmayotganidan norozi bo’lishgan. Yoshlar o’z yo’lini o’zi tanlaydi – bag’ritosh moliya bankiri bo’lamizmi yoki yaxshi inson? Ularga bu tanlovda yordam berish uchun, dunyoni o’zgartirish maqsadida ularning g’oyalarini amalga oshirish uchun shu sovrinni ta’sis etdim”, - dedi Ahmad Ashqar.
Ashqar ijtimoiy tadbirkor bo’lib, Vashingtonda xayriya bilan shug’ullanuvchi kafe ochgan.
“Xo’randalar sarflagan har bir dollarning bir qismi qochqinlarni boqishga, ishga yollashga, oyoqqa turg’azishga yordam beradi”, - deydi u.
2013-yilda “Xalt sovrini”ni chigirtkalardan oziq-ovqat sifatida foydalanish g’oyasini bergan Muhammad Ashur ismli tadbirkor jamoasi qo’lga kiritdi. Yana bir g’olib kompaniya Hindistondan bo’lib, mamlakatning eng qashshoq mahallalarida sog’liqni saqlash tizimini yaxshilashni taklif etgan.
“Falastindan tortib Zimbabvegacha qishloq xo’jaligi, baliqchilik, yoshlar ishsizligi bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar tanlovda qatnashgan. 100 dan ortiq mamlakatlardan 25 mingdan ziyod talaba o’z dastur va g’oyalari bilan musobaqalashdi”, - deydi Ahmad Ashqar.
Iturriaga bo’lajak ishtirokchilarga maslahat berdi:
“Eng muhimi, o’zingiz ko’targan muammoga sidqidildan yondashing. Avval biznes boshlab, so’ng kimga yordam berishni belgilamaysiz. Oldin sizni nima qiziqtirishini, dunyodagi qaysi muammoni hal qilmoqchi ekaningizni aniqlang, so’ng biznesizingizni shunga yo’naltiring”, - deydi bu yilgi g’olib kompaniya vakili.
Facebook Forum