Breaking News

Huquq tashkilotlari Pan Gi Munga: Markaziy Osiyoda huquqbuzarlikka ko'proq e'tibor bering


BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 9-12 iyun kunlari mintaqada
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 9-12 iyun kunlari mintaqada

Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti BMT Bosh kotibi Pan Gi Munni O'zbeksitonga safari paytida bu mamlakatdagi og'ir huquqiy ahvolni ko'tarishga undayapti. BMT rahbari shu hafta, 12-iyun, juma kuni O'zbekistonda bo'ladi.

Pan Gi Mun Markaziy Osiyoga safari oldidan matbuotga bergan intervyusida region davlatlariga dialog va hamkorlik zaruratini eslatmoqda. Mamlakatlar suv taqsimoti, iqlimdagi o'zgarishlar, qoradori savdosi, chegaralar osha jinoyatchilik kabilarga birgalikda yechim izlashi kerak, deydi. u.

Pan Gi Mun mintaqaga ilk marta 2010-yilda borgan.

Islom Karimov rahbariyati BMTning inson huquqlariga doir avvalgi da'vatlarini e'tiborsiz qoldirib kelgan. Mamlakat rahbariyati qiynoqlarni va boshqa huquqbuzarliklarni dahol bas qilishi lozim, deyiladi Xalqaro Amnistiya bayonotida. Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti ham ayni chaqiriq bilan BMT mulozimiga murojaat qildi.

Pan Gi Mun 9-12 iyunda Markaziy Osiyo bo'ylab safarda ekan, rasmiy Toshkentni xalqaro majburiyatlarini bajarishga undashi kerak, deyiladi unda. BMTning inson huquqlari bo'yicha mutaxassislari esa mamlakatga kiritilishi shart.

O'zbekistonda qiynoqlardan azob tortayotgan insonlar Pan Gi Munning yordamidan, e'tiboridan umidvor, deydi Xalqaro Amnistiya vakili Jon Daluysen. Chinozda yaqinda huquq himoyachisi Yelena Urlayevaga militsiya tomonidan qilingan jinsiy tajovuz va hibsga olish BMT rasmiysining qat'iyatini oshirishi kerak, deydi u.

Pan Gi Munga yo'llagan xatida Xalqaro Amnistiya qiynoqlardan aziyat chekayotgan insonlar taqdiriga alohida e'tibor qaratadi. 1999-yildan beri qamoqda qolayotgan jurnalist Muhammad Bekjon, 2006-yilda qamalgan, yaqinda yana besh yil qo'shib berilgan huquq faoli A'zam Farmonov taqdiri haqida O'zbekiston rahbariyati bilan gaplashing, deyiladi huquq tashkilotining maktubida.

"Human Rights Watch" tashkiloti Pan Gi Munni, jumladan, butun Markaziy Osiyoda huquqiy ahvolga e'tibor qaratishga chaqiradi. BMT rasmiysi Tojikiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmanistonda ham bo'lishi kutilayapti. Huquq tashkiloti Qirg'izistonda, ayniqsa, huquq himoyachisi Azimjon Asqarov, Tojikistonda mustaqil advokat Shuhrat Qudratov va muxolifatchi Zayd Saidov, Turkmanistonda siyosiy muxolifat vakili Gulgeldi Annaniyozov, O'zbekistonda huquq himoyachisi A'zam Farmonov ishini eslatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG