Breaking News

Huquq faollari O'zbekistonning yangi hukumati bilan muloqot qilmoqchi


O'zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Varshavadagi yig'inida xalqaro va mahalliy inson huquqlari tashkilotlari O'zbekistondagi yangi hokimiyat bilan muloqotga kirishish tashabbusi bilan chiqqan, ammo u javobsiz qoldirilgan. O'zbekiston rasmiy delegatsiyaga Akmal Saidov boshchilik qilgan, hokimiyat bilan muloqot o'rnatish zarurligi haqidagi chaqiriqlarini inobatsiz qoldirgan rasmiy delegatsiya Karimovdan keyingi inson huquqlariga oid vaziyat muhokamasiga ham qo'shilmagan.

Varshavadagi anjuman hokimiyat o'zagrishi ortidan o'zbek rasmiy delegatsiyasi ishtirok etgan inson huquqlariga oid ilk yirik konferensiya ekanligi bilan ham diqqatlidir.

Yig'in yangi hukumatni inson huquqlari bo'yicha islohot va muloqot o'tkazishga chaqirib kelayotgan huquq faollari uchun ham qulay imkoniyat bo'ldi.

Konferensiya ishtirokchilaridan biri, “O'tyuraklar” tashkiloti rahbari Mo'tabar Tojiboyevaga ko'ra, xalqaro va mahalliy inson huquqlari tashkilotlarining murojaatlariga javob berilmagan.

“YXHT yig'ilishida qatnashishdan maqsad ham shu edi, bu imkoniyatdan foydalanishni istagan edik. Lekin hukumat vakillari tomonidan muloqotga kirishish uchun biror ishorat bo'lgani yo'q, hatto rasmiylar O'zbekistondagi vaziyatga doir muhokamalarda qatnashishmadi ham. Biz muloqotni istaganimiz uchun imkon qadar ko'proq bordik. Bevosita boshlashni istagan edik. YXHT anjumani buning uchun qulay fursat ekanligi, hokimiyat bilan muloqotning birinchi qismi shu anjuman doirasida boshlanishiga umid qilib bayonotlar tarqatdik. Lekin, afsus, hukumat vakillari buni javobsiz qoldirishdi”, - deydi Tojiboyeva.

O'zbekiston rasmiy delegatsiyaga Oliy Majlis deputati, inson huquqlari bo'yicha milliy Markaz direktori Akmal Saidov boshchilik qilgan. Rasmiy delegatsiyaning chiqishi avvalgilaridan farq qilmagan, inson huquqlari, erkinliklar ta`minlanayotgani e'tirof etilgan.

Rasmiy delegatsiya ishtirokisiz o'tgan “Karimovdan keyingi inson huquqlari” mavzusidagi muhokamada diqqat mamlakatdagi siyosiy mahbuslarga, hokimiyat almashishidan kutilayotgan umidlarqa qaratilgan.

“Inson huquqlari bo`yicha yig`ilib qolgan muammolar, siyosiy, diniy mahbuslar taqdiri, qamoqxonadagi qiynoqlar, nodavlat tashkilotlarga nisbatan mavjud bosimlarga, shuningdek, A'zam Farmonov, Muhammad Bekjon taqdiriga alohida diqqat qaratildi. Xullas, anjumanda yangi hukumatga nisbatan tavsiyalar muhokama qilindi ”, - deydi huquq faoli.

O`zbekistonda hukumat almashishi mustaqillik davridan boshlab ilk bor kuzatilayotgan hodisa, yangi hokimiyatni vaqtincha boshqarayotgan Shavkat Mirziyoyev har sohada Islom Karimov siyosatini davom ettirishga va'da bergan.

Ammo Mirziyoyevning kadrlar sohasida qilayotgan o`zgarishlari, shuningdek, jamoatchilik darajasida Karimov davrida taqiqda bo`lgan xalq san`atkorlarini yana sahnaga qaytarayotgani ijtimoiy siyosatda yangiliklar bo`layotganidan darak beradi. Elga taniqli san`atkorlarga tegishli ijtimoiy hayotdagi bu yangiliklar fuqarolik jamiyati vakillari bilan munosabatlarga ko`chgani yo`q. Hokimiyat almashishi ortidan o`zbek hukumati inson huquqlari yaxshilanishiga doir biror ishorat berdi, deyishga ham asos yo`q.

Ayni paytda mamlakatda prezidentlik saylov kampaniyasi boshlangan, asosiy nomzod muvaqqat prezident Mirziyoyev mamlakat bo`ylab uchrashuvlar o`tkazmoqda; aholiga farovonlik, ish o`rinlari va'da qilmoqda. Bu uchrashuvlarda u inson huquqlari, so`z erkinligiga doir biror bayonot bergani hozircha kuzatilmadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG