Birlashgan Arab Amirliklarida uy xizmatkorlari bo’lib ishlaydigan muhojirlar kaltaklanadi, tazyiqqa uchraydi va tushib qolgan bu tuzoqdan chiqib ketolmaydi. Bunday xulosaga masalani o’rgangan “Human Rights Watch” inson huquqlari xalqaro tashkiloti kelgan.
23-oktabr kuni chiqarilgan hisobotda tashkilot tahlilchilari Yaqin Sharq bo’ylab asosan Afrika va Osiyodan kelgan muhojirlar uy xizmatkorlari bo’lib ishlashini yozadi va ularning yashash sharoitlari nihoyatda yomonligini qayd etadi.
Tashkilot xodimi Rotna Begum deydiki, Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) ish izlab borgan ayollarning aksariyati ularni nima kutayotganini bilmaydi.
“Har yili o’n minglab ayollar Birlashgan Arab Amirliklariga keladi. Oilalari, yosh bolalarini ortda qoldirib, biroz bo’lsa-da pul ishlayman, deb keladi. Ammo ularning maosh olishi yoki ish sharoitlari yaxshi bo’lishini hech kim kafolatlamaydi,” - deydi faol.
“Human Rights Watch” tashkiloti suhbatlashgan xizmatkorlar maoshini ololmasligi, dam olishga haqqi yo’qligi, xo’jayinning uyidan birozga bo'lsa ham chiqolmasligi va kuniga hatto 21 soat ishlashi haqida shikoyat qilgan.
Ular, shuningdek, ovqat berilmasligini aytgan, ruhiy, jismoniy va jinsiy tajovuzga uchrashi haqida so’zlagan. “Xo’jayinning bizga munosabati hayvonga munosabatdan ham battar”, degan ayollar.
Tashkilot xodimlari deydiki, BAA hukumati "kafola" nomli viza homiyligi tizimini o’zgartirmas ekan, uy xizmatkorlari huquqlari toptalishda davom etadi.
Bu tizimga ko’ra, malakasi bo’lmagan muhojirlar BAA vizasini olish uchun u yerda homiyga ega bo’lishi kerak.
Bu esa amalda ishchilarning bir joydan boshqa ish joyiga o’tolmasligini anglatadi, chunki yangi ishga qabul qilinish uchun ularning homiysi roziligi zarur. Oqibatda aksariyat ishchilar huquqlarini poymol qiluvchi xo’jayin qo’lida qolib ketadi, deydi HRW tashkiloti xodimi Rotna Begum.
“Hatto tazyiq qilinganlar yoki to’la maoshini ololmaganlar ham boshqa ishga o’tolmaydi, ular bir xo’jayin qo’lida qolib ketadi, xuddi tuzoqqa tushgandek”, - deydi u.
Qullikka qarshi xalqaro tashkilot vakili Odri Gishon deydiki, mehnat muhojirlarini nafaqat qabul qiluvchi davlat, balki vatani ham himoya qilishi kerak. Aholi orasida ma’lumot tarqatish, xorijiy mamlakatlardagi salbiy amaliyotlardan boxabar qilish lozim, deydi u.
Yaqin Sharqda uy xizmatkorlari ahvoli dunyo mamlakatlari orasida eng yomon, ammo boshqa mintaqalarda ham bunday ishchilar huquqlari doim toptaladi, deydi faol.
Uzoq davr mobaynida xizmatkorlik kasb deb hisoblanmagan, shuning uchun bu toifa vakillarida huquqiy himoya yo’q, deydi Gishon.
"Human Rights Watch" tashkilotiga ko’ra, Birlashgan Arab Amirliklarida Filippin, Indoneziya, Hindiston, Bangladesh, Shri-Lanka, Nepal va Efiopiya kabi mamlakatlardan kamida 146 000 muhojir ayol xizmatkor bo’lib ishlaydi.