Breaking News

Odam savdosi jabrdiydalariga ruhiy va tibbiy yordam zarur


Odam savdosi bo’yicha yangi tadqiqot mualliflariga ko’ra, qurbonlar - erkak va yosh bolalarni alohida o’rganish kerak. Jinoyatchilar tuzog’idan ozod etilganidan keyin ularga jiddiy tibbiy va psixologik yordam zarur, deydi olimlar.

Odam savdosi global muammo, uning ko’lami kengayib bormoqda, deydi doktor Shan Oram.

“Xalqaro tashkilotlarga ko’ra, taxminan 2,5 million kishi majburiy mehnatga jalb qilinadi. Muammo dunyoning har bir burchagida bor. Rivojlangan mamlakatlarda qariyb 270 ming odam, Afrika, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasida ham jinoyatchilar tuzog’iga tushganlar son-sanoqsiz”.

Suhbatdosh yaqinda Londondagi Ruhshunoslik institutida o’tkazilgan izlanishga rahbarlik qildi.

Uning aytishicha, qullikka sotilgan xotin-qizlarning jismoniy va ruhiy ahvoli xususida ilgari ko’p tadqiqotlar o’tkazilgan. Tajovuzga uchragan, tahqirlangan ayollar orasida jismoniy, jinsiy va ruhiy muammolar keng tarqalgani ma’lum.

Ikki yil qullikda saqlangan qiz
Ikki yil qullikda saqlangan qiz
Erkaklar esa asosan dala ishlari yoki baliqchilik bilan shug’ullanishga majbur qilinadi. Bolalar qurolli guruhlar safida jang qiladi, zo’rlanadi, narkotiklar savdosiga jalb etiladi. Bunday hayot ularga qanday ta’sir qilishi yaxshi o’rganilmagan.

“Biz inson savdosi qurbonlari bo’lgan erkaklar salomatligiga bag’ishlangan hech qanday ma’lumot topa olmadik. Ekspluatatsiya qilingan bolalarga oid izlanishlar ham juda kam, bir-ikkita topdik, xolos”, - deydi Oram.

Qurbonlarning aksariyati stress va depressiyani boshdan kechiradi, ularda ruhiy muammolar ham kuzatilishi mumkin.

“Masalan, ayollar politsiya bilan suhbat chog’ida savollarga javob bera olmasligi yoki ularga nima bo’lganini eslolmasligi mumkin. Ular so’zlab berayotgan narsalar g’ayrioddiy, ishonarsiz tuyulishi mumkin, ammo aslida bemor kasallik simptomlarini namoyish qilayotgan bo’ladi”, - deydi mutaxassis.

Erkaklar va bolalarda ham shunday alomatlar kuzatiladimi?

“Fikrimcha, bu kategoriyaga alohida e’tibor zarur. Olimlar bu sohada ishlaydigan tashkilotlar bilan hamkorlik qilsa, ma’lumot to’plasa maqsadga muvofiq bo’ladi”.

Doktor Shan Oram olib borgan izlanishning asosiy xulosalaridan biri shuki, inson savdosi tobora kengayib borayotgan muammo. Uning jismoniy va psixologik asoratlarini kamaytirish yo’lida harakatlarni jadallashtirish lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG