AQSh Davlat departamenti inson savdosiga doir yangi yillik xalqaro hisobotini chop etdi. 23 mamlakat yomonlarning yomoni deya e’tirof etildi. Shimoliy Koreya, Suriya, Xitoy shular jumlasidan.
Hisobotda inson savdosi zamonaviy qullik deb ataladi. Dunyo bo’ylab 20 million odam erkinligidan mahrum, jinoyatchilar ularni majburan ishlatib, yiliga bir necha milliard dollar ishlaydi.
Davlat kotibi Reks Tillersonning aytishicha, bu yilgi hisobotda Xitoy quyiroq pog’onaga tushirilgan.
"Bunga sabab Pekin o’tgan yilgi tavsiyalarga quloq tutmadi, Shimoliy Koreyadan ishchilarning Xitoyga majburan olib kelinishiga qarshi chora ko’rmadi”, - deydi u.
Pekin AQShning bu qadamini tanqid qildi.
Qo’shma Shtatlar zamonaviy qullikka qarshi kurashgan sakkiz kishini mukofotladi. Prezident Trampning taqdimot marosimida qatnashgan qizi Ivanka davlatlarni inson savdosiga ko’z yummaslikka chaqirdi.
“Inson savdogarlarini har yerda ta’qib etish, jazolash kerak. Ba’zi mamlakatlar bu borada yutuqlarga erishgan davlatlar tajribasini qo’llashi lozim”, - dedi u.
Jadvalning quyi pog’onasidan o’rin olgan davlatlar AQSh bilan madaniy almashinuv dasturlaridan mahrum qilinadi.
Facebook Forum