Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko'ra, mojaro va tabiiy ofatlarga yuz tutgan odamlar orasida gumanitar yordamga muhtojlar juda ko'p. Biroq buning uchun donor-mamlakatlardan moliyaviy yordam kamaygan, deyiladi tashkilot hisobotida.
BMTning Gumanitar masalalar bo'yicha idorasiga ko'ra, insonparvarlik yordamiga muhtoj insonlar dekabr oyidan beri salkam 44 millionga ko'payib, ayni damda 130 million odamni tashkil etadi. Bu esa xarajatlarni ikki milliard dollarga oshirib, ehtiyoji eng ko'p 95 milliondan ziyod barcha muhtojlarni yordam bilan ta'minlash uchun endi 21,6 milliard dollar kerak, ammo donor-davlatlardan 5,5 milliard dollar tushgan, xolos.
Idora vakili Yens Larkening "Amerika Ovozi"ga aytishicha, insonparvarlik yordamining 80 foizi mojaro tufayli nochor ahvolga tushgan odamlarga yetkaziladi.
âMarkaziy Afrika Respublikasi, Suriya, Janubiy Sudan va boshqa mamlakatlarda uzoq yillardan beri davom etayotgan urushlarda jabr ko'rayotganlar uchun ko'p pul kerak. Urushning o'zi ko'p mablag' talab qiladi. Gumanitar yordamni bunday sharoitda yetkazish oson emas, ham qimmat, chunki xavfsizlik va boshqa choralarni ko'rish zarur", - deydi Larke.
Uning aytishicha, mojarodan qochayotgan odamlar jug'rofiyasi kengayayotgani bois gumanitar tashkilotlar va donorlar ishi, muhtojlarga yordam yetkazish qiyinlashmoqda. BMTning Qochqinlar bo'yicha agentligi bergan ma'lumotga ko'ra, dunyo bo'ylab 65 million odam qochqin yoki bir mamlakat ichida uyini tark etganlar toifasiga kiradi.
BMT hisobotida aytilishicha, so'nggi oylarda tabiiy ofatdan jabr ko'rgan odamlar soni ham oshgan. Jumladan, dekabr oyidan beri Fiji orolini qattiq siklon, Ekvadorni esa dahshatli zilzila urgan.
Tinch okeanining ekvatorga yaqin qismida suv sathi haroratining o'zgarib turishi (El-Ninyo holati) Efiopiya va Zimbabveda qattiq qurg'oqchilikka sabab bo'lib, hosil va chorva nobud bo'ldi.