Breaking News

Vengriya va Rossiya energetika bobida hamkorlik qilmoqda


Orban va Putin
Orban va Putin

Yevropaning barcha mamlakatlari ham Rossiyani tahdid deb bilmaydi. Masalan, Avstriya va Vengriya. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Kremlda bo’lib, energetika sohasida hamkorlikni oshirishga kelishib oldi.

Noqonuniy immigratsiyaga qarshi siyosati bilan yaxshi tanish Viktor Orban Vladimir Putin kabi Yevropadagi liberal tartibni suymaydi.

“So’nggi yillarda Rossiya bilan aloqalarimiz shaffof, muvozanatli bo’lganidan xursandman”, - dedi Orban.

Vengriyaning Yevropa Ittifoqidagi hamkorlari Rossiya siyosatini shaffof deb bilmaydi. Bu mamlakat Rossiya energiyasiga tobe. Ikki rahbar ana shu sohadagi hamkorlik xususida gaplashdi.

“Vengriya gazga bo’lgan ehtiyojining to’rtdan uch qismini Rossiya yoqilg’isi hisobiga qondiradi. Elektr quvvatining 50 foizidan ko’pi Rossiya atom stansiyalarida ishlanadi va bu stansiyalar 100 foiz Rossiya yadro yoqilg’isi hisobiga ishlaydi. Kreml Vengriyaga siyosiy bosim qo’yishni istasa, unga qahraton qish yaqinlashayotganini eslatib qo’yishi mumkin”, - deydi Yevropa islohoti markazidan Ayan Bond.

Prezident Putin energetika sohasida Vengriyaga katta sarmoya kiritish rejasini yana bir bor ta’kidladi.

“Rosatom” yaqinda Paksh atom zavodida yana ikkita energoblok qurilishini boshlaydi”, - dedi u.

Bu loyiha Bryusselni xavotirga solmoqda.

“Mazkur atom elektrostansiyasini qurish uchun Vengriya Rossiyadan katta miqdorda qarz olmoqda. Yevropa Komissiyasi bu loyihaga anchadan beri to’siq qo’yishga harakat qildi, ammo uni tasdiqlashga majbur bo’ldi. Natijada qurilish obyekti jadvaldan kechikmoqda, qo’shimcha xarajatlarga uchrayapti”, - deydi tahlilchi Bond.

Bryussel Budapeshtning Moskva bilan iliq aloqalaridan norozi. Yevropa Ittifoqi Vengriyani tashkilotning qonun ustuvorligiga doir bitimlaridan chekinayotganlikda ayblagan. O’tgan hafta yevroqonunchilar Budapeshtga qarshi jazo choralarini qo’llashga ovoz berdi.

Vengriya Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bekor qilishga chaqirib keladi. Bosh vazir Orban Yevropa Kengashida bunday choralarga ovoz berishdan o’zini tiyib kelgan, ammo hozircha ularga veto qo’ygani ham yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG