Breaking News

AQSh Afrikada qurg'oqchilikka qarshi sust kurashayotganlikda ayblanmoqda


Keniya-Somali chegarasi. Qurg'oqchilikdan uy hayvonlari ham aziyat chekmoqda
Keniya-Somali chegarasi. Qurg'oqchilikdan uy hayvonlari ham aziyat chekmoqda

Qo'shma Shtatlar Afrikada qurg'oqchilikdan zarar ko'rgan davlatlarga yordamini oshirganiga qaramay gumanitar tashkilotlar Oq Uy siyosatini tanqid qilmoqda. Ularning aytishicha, Amerika Somalida ochlikning oldini olishga yordam bermadi.

Keniya lagerlari yegulik topish ilinjida vatanini tark etayotgan minglab somaliliklarga to'lib bormoqda. Somalidan tashqari Keniya shimolini ham qurg'oqchilik urgan.

Mahalliy gumanitar tashkilot xodimi Nikolas Vasunnaning jahon hamjamiyatidan xafsalasi pir. Yordamdan darak yo'q, deydi u.

"Qurg'oqchilik oqibatida ayniqsa bolalar va qariyalarga juda qiyin bo'lyapti. Ahvol o'ta og'ir. Uning oldini olish uchun qattiqroq harakat qilishimiz kerak edi. Davlatlar faolroq bo'lishi lozim, toki bunday manzara qaytarilmasin. Qurg'oqchilik bundan keyin ham bo'ladi. Harakatimizni ancha oldin qilishimiz zarur", - deydi Vasunna.

1980-yillar o'rtalarida Efiopiya boshiga shunday kulfat tushganida AQSh hukumati insoniyat bunday falokat bilan ortiq yuzlashmasligi kerak, deya tashabbusni qo'lga olgan edi. O'shanda ocharchilikdan darak beruvchi tizim joriy etilib, shu kungacha ishlab keladi.

Barak Obama ma'muriyati uzoq muddatli dastur ishlab chiqish maqsadida juda ko'p uchrashuvlar o'tkazdi. Tashabbus jahonda va ayniqsa Afrikada qahatchilikka yetaklovchi muammolarni bartaraf etishni maqsad qiladi.

Biroq bu kabi rejani Somalida amalga oshirish oson emas. AQSh terrorchi tashkilot deb belgilagan al-Shabab diniy jangari guruhi qurg'oqchilikdan aziyat chekayotgan hududlarni nazorat qiladi.

AQSh qonunlari pulni al-Shabab boshqaruvi ostidagi joylarda sarflashni taqiqlaydi.

AQShdagi gumanitar tashkilot rahbari Samuel Vortingtonning aytishicha, AQSh qo'lini bog'lab qo'ygan ko'plab siyosiy cheklovlar bor.

"Ular sabab Amerika al-Shabab bilan biror ish qila olmaydi", - deydi u.

Ba'zi nodavlat tashkilotlari nazarida AQSh hukumati insonlar hayotini saqlab qolishni ustun qo'yib, bunday qonunlarni yengillashtirishi kerak.

Bu guruhlar AQShni BMTning Jahon oziq-ovqat dasturidan o'rnak olishga chaqiradi.

Dastur so'zlovchisi Emiliya Kasellaning aytishicha, al-Shabab yaxlit guruh emas.

"Uning janubdagi rayonlarni nazorat qilayotgan bo'linmalari bir joydan, markazdan boshqarilmaydi. Qayerda ishlash mumkin bo'lsa, o'sha yerda ishlashga harakat qilyapmiz", - deydi Kasella.

Qo'shma Shtatlar nazarida al-Shabab qahatchilik jabrdiydalariga atalgan yordamni o'tkazmagani ochlikka olib keldi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbarlaridan biri Jon Brauz Amerika joriy etgan tizimni yoqlaydi.

"Qurg'oqchilik bo'lishini 2010-yil avgustidayoq bilganmiz. Shundan beri Qo'shma Shtatlar 459 million dollarlik yordam ko'rsatdi. Qo'limizni qovushtirib o'tirganimiz yo'q. Somalidagi ahvol bizni sarosimaga solmadi. O'tgan yildan beri mintaqa ehtiyojlarini qondirishga harakat qilib kelamiz", - deydi AQSh rasmiysi.

Ammo insonparvarlik yordami bilan shug'ullanuvchi faollar nazarida AQSh uchun terrorga qarshi kurash va xavfsizlik hamma narsadan muhimdir. Taklif etilgan choralar samara bermadi. Qurg'oqchilik haqida ma'lumot erta olingani bilan asoratlariga qarshi kurashga tayyorgarlik erta boshlanmadi, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG