Yangi raketa texnologiyalari qudratli davlatlar o’rtasida yangi qurol poygasini keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa tovush tezligidan 25 baravar yoki undan tezroq uchadigan gipertovushli raketa sistemalari alohida tashvish uyg’otmoqda.
O’tgan oy AQSh va Rossiya O’rta masofali yadro qurollarini qisqartirish shartnomasidan chiqishi global xavfsizlik tartibi yangilanish arafasida ekaniga ishora bo’ldi. Vaziyat izdan chiqmaguncha yangi bitimlarga erishish zarurati ta’kidlanmoqda.
O’tgan yil dekabrida Rossiyada “Avangard” gipertovushli raketa sistemasi sinovdan o’tkazildi. Moskva raketa soatiga 11 ming kilometrdan tez uchishini, mudofaa sistemalarini aylanib o’tish salohiyatiga ega ekanini da’vo qilmoqda.
Bunday raketalar oddiy va yadroviy kallaklar tashiydi. Rossiya “Avangard” sistemasi hozir konveyerga qo’yilganini ma’lum qilgan.
AQSh, Xitoy va Avstraliya ham o’z tizimlarini yaratishmoqda, deydi shu mavzuda izlanib, hisobot tayyorlagan Yevropa yetakchilik tarmog’i tahlil guruhidan Katarzina Kubiak.
“Yangi raketalar eskilaridan tezligi va manevrligi bilan ustun turadi, amaldagi va ishlanayotgan mudofaa tizimlarini yorib o’tish potensialiga ega. Sun’iy yo’ldoshlarga qarshi raketa texnologiyalari ustida ham izlanishlar olib borilmoqda”, - deydi Kubiak.
Ham oddiy, ham yadroviy kallaklarni tashiy olish salohiyatiga ega ikki maqsadli raketalar yanglishlik va xato hisoblarga, fojiali oqibatlarga sabab bo’lishi mumkin.
“Mojaro paytida harbiylar katta bosim ostida ish qiladi. Dushman qanday turdagi raketa otgani mavhum bo’lsa, eng yomon ssenariyga ko’ra javob beriladi, vaziyat yanglish baholanishi mumkin, bu esa mojaroning istalmagan darajaga aylanishiga olib keladi”, - deydi tahliliy izlanish muallifi.
Oy boshida Rossiyaning Arktikadagi yangi raketa sinovi paytida portlash yuz berib, besh ilmiy xodim halok bo’lgan, nurlanish darajasi oshgani aytiladi. Ba’zilar yadroviy reaktorli qanotli raketa sinalgan, deydi.
Kubiakning aytishicha, raketa texnologiyalari poygasi xalqaro xavfsizlik poydevorlariga zarba bermoqda.
“Xavfsizlikka doir usiz ham murakkab vaziyat yanada murakkablashadi. Raketalarning yangi turlari davlatlararo raqobatni yanada kuchaytiradi. Mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash yanada qimmatga tushadi, harbiy to’qnashuv ehtimoli oshadi”, - deydi tahlilchi.
Hisobotda aytilishicha, raketa poygasi xalqaro hamjamiyat siyosiy kun tartibida ustuvor masala bo’lishi kerak, qurollarni tarqatmaslik haqidagi amaldagi hujjatlarni kuchaytirib, yangi raketa texnologiyalarini tartibga soluvchi shaffof qoida va bitimlarni muzokara orqali qabul qilish zarur.
Facebook Forum