Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma inspektorlarining Ukrainaning Rossiya qo’shinlari nazoratidagi Zaporoyje atom elektrostansiyasiga kelishidan oldin Energodar shahrida, stansiyadan 5,5 kilometr narida qattiq portlash yuz bergan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina harbiylarining inshootni qo’lga kiritish harakatiga barham berilgani haqida ma’lum qildi.
Vazirlik va Kreml Kiyevni inspektorlar tashrifidan oldin yirik provokatsiyada aybladi.
"Sahar 6:20 da Ukraina qurolli kuchlarining 60 nafar qo’poruvchisidan iborat ikkita guruhi yettita katerda Zaporojye atom elektrostansiyasidan salkam 3 kilometr naridagi Kaxovka gidroelektrostansiyasi atrofida tushmoqchi bo’lgan. Zavodni qo’riqlayotgan gvardiyachilar ularni aniqlab, qirg’oqqa chiqishlariga yo’l qo’ymadi. Gvardiyachilarga yordamga kelgan qo’shinlar vertolyotlar yordamida qo’poruvchilarni yo’q qildi. Soat 7 da esa Rossiya qo’shinlari atom elektrostansiyasini ishg’ol qilishga qaratilgan yana bir harakatning oldini oldi. Ukraina qurolli kuchlarining taktik guruhi ikkita barjada stansiyadan bir necha kilometr narida quruqlikka chiqmoqchi bo’lganida hujumga uchradi”, - dedi vazirlik so’zlovchisi Igor Konashenkov.
Voqeadan bir necha soat o’tib xalqaro inspektorlar atom elektrostansiyasiga yetib bordi. 13 mutaxassisdan iborat guruhga boshqarma rahbari Rafael Grossi boshchilik qilmoqda.
So’nggi kunlarda inshoot bir necha bor o’qqa tutilgan. Rossiya va Ukraina bir-birini hujumlarda ayblab keladi. Yevropadagi eng yirik atom inshootining xavfsizligi va yadroviy falokat ehtimolidan xavotirlangan tashkilot ekspertlari atom elektrostansiyasiga yetgan zarar darajasi, inshootdagi xavfsizlik tizimlarining ahvoli, xodimlar sharoitini o’rganib, zarur xavfsizlik choralarini ko’radi.
"Juda muhim missiyani amalga oshirishimiz kerak. Stansiya qanchalik xavfsiz ekanini o’rganishga darhol kirishamiz”, - dedi Grossi.
Ukrainaning da’vo qilishicha, Rossiya qo’shinlari stansiyada qurol saqlamoqda, inshootdan va atrofidan turib hujumlar uyushtirmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, atom elektrostansiyasiga kim hujum qilayotganini aniqlash uchun Rossiya inspektorlar guruhi tarkibiga ballistika bo’yicha mutaxassis kiritilishini talab qilgan.
"Yadroviy chiqindilar joylangan konteyner portlasa, nurlanish tarqaladi. Ukraina, Rossiya, Yevropaga tarqaladi. Yaxshi bo’lmaydi”, - deydi energodarliklardan biri (Anatoliy Skaletskiy).
Ukrainaning Kiyev nazoratidagi hududlarda ham, bo’lginchi kuchlar va Rossiya boshqaruviga o’tgan shahar va qishloqlarda ham bugun o’quv yili boshlandi.
Janubdagi Nikolayev shahri hozir Ukraina nazoratida, biroq shahar front chizig’iga yaqin joylashgan. Shu sabab bu yerda o’quvchilar hozircha onlayn ta’lim oladi.
“Maktabga borishni, sinfdoshlarim, o’qituvchilarimni ko’rishni xohlardim”, - deydi Arina Korchkova ismli 5-sinf o’quvchisi.
Viloyat hokimi Vitaliy Kimning aytishicha, hududdagi maktablarning 5 foizigina ochiladi, qolganlarida ta’lim masofali bo’ladi.
BMT hisobiga ko’ra, urush boshlanganidan beri Ukrainada 350 dan ortiq bola halok bo’lgan.
Rossiya nazoratiga o’tgan Mariupol shahrida bugun mingga yaqin bola maktablarga chiqqan.
"Biz bundan xursandmiz”, - deydi nabirasini birinchi sinfga olib borgan bir ayol.
Maktablarning ba'zilari urushda zarar ko’rgan. Birida ta’mir ishlari dekabrgacha yakunlanishi kutilyapti, darslar shikast yetmagan sinfxonalarda o’tkaziladi.
Rossiya Lugansk, Donetsk, Xerson va Mariupol maktablarini o’quv materiallari bilan ta’minlamoqda. So’nggi yarim yilda Rossiya nazoratiga o’tgan hududlardagi maktablarda darslar endi rus tilida olib boriladi.
Facebook Forum