Breaking News

ICG Shavkat Mirziyoyevning ilk 100 kuniga baho berdi


O'zbekistonda prezident saylovlari o'tib, yangi rahbar saylanganiga 100 kundan oshdi. Aksariyat mamlakatlarda yangi prezidentga dastlabki 100 kunlik faoliyatiga qarab baho berish an'anaga aylangan. "Xalqaro inqirozlarni o'rganish guruhi" deb nomlanuvchi nufuzli tahlil markazi (International Crisis Group) "O'zbekiston: 100 kun" sarlavhasi ostida yangi hisobot chop etdi. "Amerika Ovozi" muxbiri Odil Ruzaliev Bryusselda joylashgan bu tashkilot vakili Magdalena Grono bilan Skype orqali suhbatlashdi.

Odil Ruzaliev: Ruslarda “yangi supurgi yangicha supuradi” degan bir maqol bor. Biroq O’zbekiston misolida eski supurgi yangicha supurmoqda. Bu odatdan tashqari holatmi? Bir mamlakatda 13 yil ikkinchi raqamli bo’lgan odam rahbarlikni qo’lga kiritgach keskin burilish qilgan holatlarga misol bormi?

Magdalena Grono: Prezident Mirziyoyev qattiq va zulmkor nazoratga tayangan boshqaruv tizimini meros sifatida qabul qilibgina qolmay, bosh vazir bo’lgan yillarida ana shu tizimni yaratish va yuritishda muhim rol ham o’ynagan. Biroq shuni aytish kerakki, prezidentligining ilk yuz kunida ichki, mintaqaviy va tashqi siyosatda keskin burilishga guvoh bo’ldik. Bu yangi siyosatmi, davom etadimi, hozircha aniq emas. O’zbekiston xalqi va qo’shni davlatlar bilan ma’lum darajada ochiqlik, yangicha aloqa qilish, xalq tashvishlariga quloq tutish mantiqini ko’ryapmiz. Bu juda ham muhim va ijobiy signal bo’lib, bundan keyin faqat kuchayishi kerak. O’zbekiston hozirda yangi voqeliklarga yuz tutmoqda. Prezident Mirziyoyev bu yurt oldidagi muammolarni yaxshi tushunadi. Mamlakat yangi rahbari so’nggi yillarga xos turg’unlikni davom ettirishdan voz kechishi zarur.

ICG Shavkat Mirziyoyevning ilk 100 kuniga baho berdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:53 0:00

Odil Ruzaliev: Tashkilotingizning O’zbekiston bo’yicha so’nggi hisoboti oldingilariga qaraganda umidlarga ancha boy, ammo baribir o’zgarishlarga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqiradi. Sizningcha, Prezident Mirziyoyev taklif etayotgan o’zgarishlar haqiqiymi? Nimalardan bilsak bo’ladi buni?

Magdalena Grono: “Ehtiyotkorlik” so’ziga urg’u bergan bo’lardim. Prezidentlikning ilk yuz kunida qiziqarli, muhim o’zgarishlar bo’ldi. Mirziyoyev mamlakatni ko’p kezdi, xalq bilan faol muloqot qildi. Albatta, aholi bunday muloqot natijasini ko’rishga oshiqyapti. Qishloq taraqqiyotiga urg’u berish, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga diqqat qaratish, ayrim siyosiy mahbuslarni ozod etish muhim boshlanishdir. Aholi va xalqaro hamjamiyatga siyosatning bundan keyin boshqacha bo’lishi va shu yo’nalishda davom etishiga ishora qilish uchun hali ko’p ishlarni qilish kerak. Shu ma’noda “ehtiyotkor optimizm” iborasini qo’llash to’g’ridir, axir xalq ichki va mintaqaviy siyosat bobida turg’unlikdan har qanday chekinishni olqishlaydi. Shu bilan birga, tizimni, shu tizim ichidagi mantiqni o’zgartirish oson bo’lmaydi, buning uchun shu tizimdan foyda ko’rgan elita manfaatlarini hisobga ola bilish kerak. Iqtisodiyotni erkinlashtirish bilan bir qatorda tizimni kuchaytirgan omillarni ham muvozanatda ushlab turish kerak. O’zgarish qanchalik davomiy ekanini hali ko’ramiz. Birinchi yuz kunda prezident hokimiyatni o’z qo’liga olganini ko’rdik. Elitadagi o’zgarishlarga ham guvoh bo’ldik, masalan, Ichki ishlar vazirligida. Prezident bundan keyin ham qudratini oshirishda davom etadi deb o’ylayman.

Odil Ruzaliev: Mirziyoyev chuqurroq islohotlarni amalga oshirishni istaydi, ammo atrofidagi ayrim odamlar eskicha boshqaruv usuli tarafdori bo’lib, islohotlarni sekinlashtirmoqda, degan taxmin bor. Sizningcha ham shundaymi?

Magdalena Grono: O’zbekiston kabi yopiq tuzumlarda elitaning bu tizimlardan manfaatdor bo’lishi tabiiy hol. Biroq so’nggi paytda, ayniqsa Ichki ishlar vazirligi tizimida katta kadrlar o’zgarishlarini ko’rdik. Muvozanatni ushlab turish oson bo’lmaydi. Ochiqlik, iqtisodiyotni liberallashtirish va soyadan chiqarish, qora bozor iqtisodiyotiga barham berish hamda barqarorlikni ushlab turish harakatlari o’rtasida taranglik kuzatilmoqda. Prezident atrofida har xil guruhlar shakllanishi mumkin. Siyosatni belgilashga kelganda, Mirziyoyev prezidentligining ilk oylarida uning mavqesi barqaror ekani ko’rinib turibdi. Biroq mavqening kuchayishi haqiqiy erkinlashtirishga to’siq ham bo’lishi mumkin.

Odil Ruzaliev: Mirziyoyev xalqqa “Islom Karimov yo’lidan boramiz” deyishiga qaramay, amalga oshirgan ko’p ishlarini marhum rahbar olqishlamagan bo’lardi. Bundan chiqdiki, Karimovni xavotirga solgan ba’zi masalalar Mirziyoyev uchun xavotirli emas. Umuman, Mirziyoyevni qiynayotgan masalalar qanday?

Magdalena Grono: O’zbekistondagi vaziyatdan shuni ko’ryapmizki, jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun, ayniqsa qattiq vertikal boshqaruv va zulmkor tuzum siyosati natijasida yuzaga kelgan norozilikni yumshatish uchun zarur qadamlar qo’yish kerak. Rossiyadagi 3,5 million o’zbekistonlik ishchi migrantlarni ham unutmang. Ayrim dolzarb muammolarni hal qilmay turib, siyosatni davom ettirish mumkin emas. Harqalay Mirziyoyev Karimov prezidentligi paytida ichki muammolar bilan bevosita shug’ullangan, ularni yaxshi biladi. Endi esa bu muammolarni hal qilishga haqiqiy imkoniyat tug’ildi. Ammo bularning ijrosini vaqti kelib ko’ramiz.

Odil Ruzaliev: Karimov va Mirziyoyev boshqaruvi ostida ishlagan odamlarning fikrlashida farq bormi? Ishga bo’lgan munosabat o’zgaryapti, deb o’ylaysizmi?

Magdalena Grono: Tizimiy o’zgarishlarni ilk oylarda ko’ramiz deb o’ylamayman. Biroq davlat byurokratlariga bosim qo’yilayotganiga guvohmiz. Ilgari panada yurgan rasmiylar endi xalq bilan muloqot qilishga majbur bo’lyapti. Mulozimlarning tanqid qilinishini ko’ryapmiz, ularning faoliyatini baholab, jazolash yoki mukofotlash sistemasi taklif etilmoqda. Katta o’zgarishlar uchun sharoit shakllanyapti. Hukumatda eskicha, Sovet usulidagi nazoratdan, masalan, qishloq tizimini rivojlantirishda vertikal boshqaruv mantig’idan voz kechilarmikan, shunisi menga hozircha qorong’u. Mahalliy hokimiyatlarga kengroq vakolatlar beriladi, xalq bilan haqiqiy muloqot bo’ladi degan umiddaman. Axir prezident xalqqa tanqidiy fikrlarini ochiq bildirishni taklif qilganku. Yoki siyosiy mahbuslarni ozod etib, Mirziyoyev o’z tanqidchilarini ta’qib etishga kirishadimi? Buni vaqt ko’rsatadi.

Hisobotning to'liq matni bilan shu tashkilot veb-sahifasi orqali tanishishingiz mumkin.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG