Xalqaro mehnat tashkilotiga ko’ra, kelasi ikki yilda dunyo bo’ylab, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda ishshizlar soni ko’payadi. Jenevada “Jahondagi ishsizlik va ijtimoiy taraqqiyotga nazar: 2016-yil jarayonlari” nomli hisobot chiqdi.
2015-yil oxirida dunyo bo’ylab 197 million odam ishsiz bo’lgan. Bu global inqirozdan oldin, ya’ni 2007-yilgi raqamdan 27 millionga ko’p. Tashkilot, shuningdek, joriy yil oxirida ishsizlar soni 2,3 millionga ko’payishini bashorat qilmoqda. 2017-yilda ishi bo’lmaganlar soni 1,1 millionga ko’payadi va 200 yarim millionga yetadi.
Bunga sabab global iqtisodiy o’sishning sekinlashgani. Demak, yangi ish joylari yaratilmayapti. Ishsizlik sur’atlari balandligicha qolmoqda, deydi Xalqaro mehnat tashkiloti rahbari Gay Rayder.
“Bu raqamlar ishsizlikka oid vaziyat yomonlashganidan dalolat beradi, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda. Rivojlangan mamlakatlarda vaziyat biroz yaxshilangan. Biroq bu o’sish yetarli emas. Rivojlanayotgan o’lkalarda ish joylarining kamayishi sezili darajada qoladi”, - deydi u.
Rayder Braziliya, Xitoy va neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda ishsizlar soni ayniqsa ko’p bo’lishini aytadi.
Ish sifati - eng katta muammolardan biri. Dunyo bo’ylab 2,5 milliard odam beqaror ishlarda ishlaydi.
Bundaylar jumlasiga mehnat faoliyatini o’zi yuritayotganlar yoki norasmiy sektorda ishlaydiganlar kiradi. Bu sohalarda ish mahsuldorligi past, maoshlar ham kam, ijtimoiy himoya ta’minlanmagan. Janubiy Osiyo va Afrikaning aksariyat o’lkalarida bunday sohalarda ishlaydiganlar eng ko’p – 74 va 70 foizga teng.
Hukumatlarni ishsizlikka qarshi kurashni kuchaytirib, ijtimoiy himoya tizimini yaxshilab, tengsizlikni kamaytirishga harakat qilishi kerak. Ish bozoriga kirish yoki yaxshi ish topishda qiynalayotganlar, xususan yoshlar, ayollar, nogironlar va uzoq vaqt ishsiz bo’lganlarga alohida e’tibor qaratilishi lozim, deya undamoqda Xalqaro mehnat tashkiloti.