Breaking News

Xalqaro mehnat tashkiloti: Global ishsizlik yuqoriligicha qolmoqda


Nyu-York shahrida o'tkazilgan ish yarmarkasi,14-mart, 2013-yil.
Nyu-York shahrida o'tkazilgan ish yarmarkasi,14-mart, 2013-yil.
Yangi hisobotda aniqlanishicha, dunyo iqtisodiyoti rivojlanayotganiga qaramay, global ishsizlik darajasi oshib bormoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti chiqargan 2014-yilgi tahlilnomada, ayniqsa, yoshlar ishsizlikdan ko’p aziyat chekayotgani aytiladi.
Global ishsizlik, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:56 0:00
Yuklab oling
Hisobot natijalari global mehnat bozori uchun xushxabar emas. Dunyo iqtisodiyoti o’zini tiklab borayotganiga qaramay, ishsizlik darajasi hanuz yuqoriligicha qolmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, 2013-yilda dunyo bo’ylab 202 million odam ishsiz bo’lgan. Bu 2012-yilgi raqamdan besh millionga ko’p.

Tashkilot rahbari Gay Rayderga ko’ra, kelajakda vaziyat bundan ham yomon bo’lishi mumkin. Hozirgi ko’rsatkichlar 2018-yilga borib ishsizlar soni 215 millionga yetishini ko’rsatmoqda, deydi u.

“Inqiroz boshlanganidan beri ishsizlar qatoriga 32 million odam qo’shildi. Bundan tashqari, ishini boy bergan yana 30 million odam bor. Demak, ishsizlar soni 62 millionga ko’paygan. Hozirgi iqtisodiy o’sish darajasi shundayki, bu raqamni kamaytirish imkoni yo’q. Demak, ahvol yanada yomonlashishi aniq”, - deydi u.

Hisobotda ta’kidlanishicha, ishsizlikka mubtalo bo’lganlar orasida yoshlar ko’pchilikni tashkil qiladi. 25 yoshgacha bo’lgan 74,5 million yigit-qiz biror ishga ega emas. Dunyo aholisi orasida jami ishsizlik olti foizni tashkil qilsa, yoshlar orasida bu raqam 13 foizga teng.

Rayderning aytishicha, ish bilan bandlikning sifat darajasi ham ko’ngildagidek emas. O’tgan yillarda ishlovchi qashshoqlar sonini kamaytirishga muvaffaq bo’ldik, ammo 2013-yilda bu boradagi siljish to’xtab qoldi, deydi u.

“Qashshoqlikka qarshi kurash sekinlashdi. Inqiroz boshlanishi bilan bu borada ko’rilayotgan chora-tadbirlar kamaydi. 375 million ishchi bir kunda hanuz $1,25 haq olyapti. Miqdori 839 millionga teng oilali ishchilar esa bir kunda $2 dan kamroq bo’lgan haq evaziga ishlaydi”, - deydi Xalqaro mehnat tashkiloti rahbari Rayder.

Ishsizlarning qariyb yarmi Janubi-sharqiy Osiyodan. Keyingi o’rinlarda Afrika mamlakatlari va Yevropa. Qizig’i, 2013-yilda Lotin Amerikasida jiddiy ish o’rinlarining boy berilishi kuzatilmagan.

Rivojlangan o’lkalarda, jumladan, G’arbiy Yevropada ham ijobiy o’zgarishlar yo’q. Hisobotga ko’ra, dunyoda ishsizlik eng ko’p bo’lgan mintaqalar bu Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadir.

Ishsizlar soni o’sishining oldini olish uchun mahalliy va xalqaro miqyosda samarali choralar ishlab chiqilishi kerak, deya tavsiya beradi Xalqaro mehnat tashkiloti. Hisobotga ko’ra, dunyo aholisi orasidagi notenglikning asosiy sababi ishsizlik bilan bog’liq. Shuning uchun davlatlar milliy siyosatida ishsizlikni kamaytirishni ustuvor masala etib belgilashi kerak, deya xulosa qiladi hisobot mualliflari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG