So’nggi 20 yil ichida ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokida erkaklar bilan teng huquqqa ega bo’lish borasida jiddiy siljish kuzatilmadi. Xalqaro mehnat tashkiloti o’z tadqiqotlariga tayanib, shunday xulosa qilmoqda.
Bugun xotin-qizlar ahvoli bundan 20 yil oldingidan yaxshiroq bo’lsa-da, ish joyida ular hamon ta’qibga uchraydi, deyiladi tashkilot hisobotida.
Xotin-qizlar asosan yuqori malaka talab qilmaydigan, demak, kam maosh to’lanadigan joylarda ishlaydi, oliy ma’lumot olishga qiynaladi, qaror qabul qilish jarayonida ham faol emas. Ammo oila a’zolariga qarash, bola boqish, qariyalar va bemor qarindoshlarni parvarishlash kabi haq to’lanmaydigan ishni aynan xotin-qizlar bajaradi.
Hisobotda ayrim muvaffaqiyatlar ham tilga olinadi. Masalan, ishlaydigan ayollar soni har galgidan balandroq. Biroq ayol va erkaklarning ish bozoridagi ishtirokidagi farq faqat bir foizga kamaydi.
Xalqaro mehnat tashkiloti iqtisodchilariga ko’ra, bu farqni dunyoning eng rivojlangan 20 mamlakatida 2025-yilga qadar 25 foizga qisqartirish orqali 100 million ayolni ish bilan ta’minlash mumkin.
Tashkilotning gender (jins), tenglik va ijtimoiy xilma-xillik bo’limi rahbari Shona Olni onalik himoyasi kuchayganini aytadi.
“Ayollarga kamida 14 haftalik onalik ta’tilini beradigan mamlakatlar 1994-yilda 38 foizni tashkil qilgan bo’lsa, o’tgan yili 51 foizga yetdi. Ammo dunyo bo’ylab yana 800 ming ayolning onalik huquqi himoyalanmagan,” – deydi rasmiy.
Ish haqini olsak, o’rta hisobda ayollarga erkaklar maoshining 77 foizi to’lanadi. Maoshi baland bo’lgan ayollar uchun bu tafovut yanada chuqurroq. Xalqaro mehnat tashkilotiga ko’ra, agar hech qanday chora ko’rilmasa, ish haqida tengsizlik yana kamida 70 yil saqlanib qoladi.
Onalarga to’lanadigan puldagi farqni o’rgangan olimlar farzandsiz ayollarga onalarga qaraganda ko’proq ish haqi to’lanishini aniqlagan. Bu ularning qayerda yashashi va farzandlari soniga bog’liq. Boshqa tadqiqotlarda esa farzandi bo’lmagan erkaklarga qaraganda otalar ko’proq maosh olishi qayd etiladi.
Shona Olnining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ish joyida ayollarga nisbatan diksriminatsiya jamiyat va iqtisodiyot uchun zarardir.
“Mehnat bozorida jinslar orasida farq bo’lgan mamlakatlar yalpi ichki mahsulotning 27 foizigacha yoqotadi. Ayollarni ish bilan ta’minlash orqali kambag’allikni ham kamaytirish mumkin,” – deydi u.
Yana bir jiddiy muammo – ish joyidagi zo’ravonlik. Xalqaro mehnat tashkilotiga ko’ra, ayollarning 35 foizi jismoniy va (yoki) jinsiy tajovuzga uchraydi.
BMT agentligi davlatlarni ish joyidagi jinoyatlarga qarshi qonunlar qabul qilib, adolatni ta'minlashga chaqirmoqda.