Breaking News

XVJ global iqtisodiy o'sish kutilganidan sekinroq bo'lishini bashorat qilmoqda


Xalqaro valyuta jamg’armasi bashoratiga ko’ra, joriy yilda dunyo iqtisodiyotining o’sishi 3,6 foizdan oshmaydi. Tashkilot Ukrainadagi urush va Rossiyaga qarshi sanksiyalar koronavirus pandemiyasi oqibatida izdan chiqqan ta’minot tizimini yo’lga solish harakatlariga pand berayotganini bildirmoqda.

“Urushdan oldin ham taklif va talab o’rtasidagi nomutanosiblik hamda pandemiya paytida pul-kredit siyosatining qattiqlashishi natijasida ko’p mamlakatlarda inflyatsiya ko’tarilayotgan edi”, - deydi jamg’arma bosh iqtisodchisi Pyer-Olivye Gurinsha.

Bungacha global iqtisodiy o’sish 4,4 foizga o’sishini bashorat qilgan tashkilot eng so’nggi axborotnomasida o’sishga umidini 3,6 foizga tushirdi, Jahon banki esa 4,1 foizdan 3,2 foizga. Xalq iste’moli mollari va yoqilg’i narxlarining ko’tarilgani ishlab chiqarishni tushirib, inflyatsiyani oshirib yubordi. Oq uy bunda Moskvani ayblamoqda.

“Prezident Putin va Rossiyaning Ukrainani bosib olishi global iqtisodiyotga ta’sir qilishini eng boshidan aytganmiz. Xoh neft bozoriga, xoh boshqa narsalarga”, - deydi AQSh prezidentining matbuot kotibasi Jen Psaki.

Koronavirusning “omikron” shtammi sabab Xitoyda tez-tez joriy etilayotgan ommaviy lokdaunlar ham bu mamlakat iqtisodiyotini sekinlashtirmoqda.

“Xitoy mamlakatga kirayotgan mahsulotlarga bir haftalik karantin joriy etdi. Natijada Janubiy Koreya kabi mamlakatlardan chiplarni olayotgan ishlab chiqaruvchilar zarur narsalar yoq’ligi sabab mahsulot ishlab chiqarishni to’xtatishga majbur bo’lib qoldi. Lokdaun natijasida Gonkong va Shanxay portlarida tirbandlik vujudga kelgan”, - deydi Vashingtondagi Jorjtaun universiteti mutaxassisi Diana Furxgot-Rot.

Xalqaro valyuta jamg’armasi va Jahon bankining bahorda bo’ladigan yillik qo’shma majlisida ishtirok etuvchi markaziy bank raislari oldida turgan hozirgi vazifa xalqaro miqyosda iqtisodiy inqirozning oldini olgan holda foiz stavkalarini imkon qadar kelishib asta-sekin oshirish orqali inflyatsiyani jilovlashdan iborat.

“Shunda inflyatsiya bir joydan ikkinchi joyga tarqalmaydi. Biroq bu juda ham nozik vazifa, chunki qimmatbaho qog’ozlar bozorlari juda faoldir, uy-joy bozorlari ham. Jarayon oson bo’lmaydi. Inflyatsiyani tushirish uchun foiz stavkalarini inqirozga turtki bermay ko’tarish kerak bo’ladi. Inflyatsiya shu qadar oshganki, uni bezarar tushirish oson bo’lmasa kerak”, - deydi Vashingtondagi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Dezmond Laxman.

Rossiyaning Ukrainadagi urushi sabab bo’lingan dunyoda bu kabi masalalarni muvofiqlashtirish qiyindir. Rossiyaning “Katta Yigirmalik” guruhidagi a’zoligiga qarshi chiqayotgan Qo’shma Shtatlar tashkilotga a’zo mamlakatlar moliya vazirlarining bu hafta bo’ladigan ayrim majlislarida qatnashmasligini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG