Bank tizimidagi so’nggi muammolar va buni hal qilish uchun pul ajratilishi dunyoning turli chekkalarida aks-sado bermoqda. Markaziy banklar moliya bozorlari va omonatchilarni tinchlantirishga harakat qilmoqda. Inqiroz AQShning yuqori texnologiyalar sohasida ishlagan “Silikon vodiysi banki”ning qulashidan boshlandi.
AQSh Moliya vazirasi Janet Yellen bankirlarni bank tizimi mustahkam ekaniga ishontirishga urinmoqda.
Shunga qaramay San-Fransiskoda asoslangan Birinchi Respublika banki va kriptovalyuta bozorida faol bo’lgan “Signature bank” aksiyalari keskin tushib ketdi.
Bayden ma’muriyati “Signature bank” va yuqori texnologiyalar sohasidagi startaplarni moliyalovchi “Silikon vodiysi banki” omonatchilarini himoya qilishga shoshildi.
Bu o’rtada Shveysariyada joylashgan UBS banki qiyin ahvolga tushib qolgan “Credit Suisse” sarmoya va moliyaviy xizmatlar bankini sotib olishga qaror qildi.
“Yevro hududidagi banklarning kapitali va likvidlik holati qoniqarli ekanligiga ishonchimiz komil,” – dedi Yevropa Markaziy banki prezidenti Kristin Lagard sarmoyadorlarni tinchlantirishga urinarkan.
Osiyodagi sarmoyadorlar ham bezovtalanmoqda. Xitoylik rasmiylar “Silikon vodiysi banki” bilan tuzilgan qo’shma korxona zarar ko’rmaganini aytmoqda.
AQSh senatori Marko Rubio muhim texnologiyalar bilan ish qiluvchi Amerika kompaniyalarini Xitoy sotib olmasligi uchun bankning Xitoy qo’lidagi xoldinglarini o’rganib chiqishga chaqirdi.
Inqiroz tarqalib ketmasligi uchun AQSh hukumati zudlik bilan chora ko’rdi, deydi moliyachi Dayan Ellis.
“Bank kasodga uchrasa, bu boshqa bankka ham salbiy ta’sir qiladi, moliyaviy institutlar va bizneslar shu qadar katta zarar ko’rishi mumkinki, iqtisodiyot ham jiddiy zarar ko’radi”, - deydi mutaxassis.
Hukumat 2008-yilda uy-joy bozorining qulashi natijasida yuzaga kelgan moliyaviy inqiroz takrorlanishining olidini olishga urinmoqda. O’shanda yuzlab bank faoliyati izdan chiqib, inqiroz butun dunyoni qamrab olgan edi.
Facebook Forum