AQShda prezident sayloviga sanoqli kunlar qolmoqda. Saylov natijasi nafaqat Amerika siyosati, balki dunyo siyosatiga ham ta’sir qilishi sir emas.
Xususan Turkiyada AQSh saylov kampaniyasi diqqat bilan kuzatilmoqda.
Anqaraga Donald Trampning prezidentlikka qaytgani yaxshimi yoki Kamala Harrisning saylangani?
Har ikki nomzodning Turkiya va uning rahbariga yondashuvi farq qiladi, deydi istanbullik siyosatshunos Sinan Ulgen.
“Tramp prezidentligi paytida Erdog’an va Tramp o’rtasida siyosiy munosabatlar eng yuqori darajada edi. Ammo hozir Bayden va Erdog’an aloqalari unday emas. Kamala Harris saylovda g’alaba qozonsa, Erdog’an bilan munosabatlar ancha sayozroq bo’lishi mumkin”, - deydi Iqtisodiyot va tashqi siyosatni o’rganish markazi eksperti.
Erdog’an AQSh saylovini izohlashdan o’zini tiyib kelmoqda.
Tahlilchilarga ko’ra, Tramp prezident bo’lgan payt AQSh va Turkiya rahbarlari to’qqiz marotaba uchrashgan, Erdog’an Vashingtonga davlat tashrifi bilan borgan. Ammo Bayden bilan Turkiya prezidenti so’nggi salkam 4 yilda atigi bir marta ko’rishgan, xolos, xalqaro anjumanlar chetidagi qisqa muloqotlarni hisobga olmaganda.
Kuzatuvchilar Erdog’an uchun AQSh rahbarlari bilan yuzma-yuz uchrashuvlarning muhim ekanini aytadi.
“Bu ichki elektorat, legitimlik uchun muhim. Erdog’an shaxsiylashtirilgan tizim yaratdi, shu bilan birga saylovchilarni, ayniqsa tarafdorlarini o‘zining izchil lider ekanligiga, Turkiya yuksalayotganiga, o‘zining juda muhimligiga ishontirdi”, - deydi Vashingtondagi Brukings instutitining turk tahlilchisi Asli Oydintoshbosh.
Turkiya Tramp prezidentligi paytida Rossiyadan havo mudofaasi tizimlarini olgani uchun AQSh sanksiyalariga uchraganiga qaramay, Erdog’an Tramp bilan munosabatlarini iliq eslab turadi.
Turkiya Suriyada AQShga hamkor kurd kuchlariga hujum qilishga do’q-po’pisa qilganida Tramp hatto Turkiya iqtisodiyotini batamom vayron qilishini aytgan edi.
Bundan tashqari, Tramp Isroilni XAMAS va “Hizbulloh” harakatlariga qarshi urushlarida Bayden ma’muriyatiga qaraganda qattiqroq qo’llab-quvvatlaydi. Bu esa AQSh va Turkiya rahbarlari o’rtasida ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkin.
“Prezident Trampning Yaqin Sharqqa va Falastin-Isroil mojarosiga yondashuvi mintaqada taranglikning oshishiga, hatto mintaqaviy urushga olib kelishi mumkin. Trampning prezidentligi Turkiyaga ko’p imkoniyatlar bilan birga juda katta xavf ham keltirishi mumkin”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidan O’zgur Unluhisarchikli.
Bayden va Erdog’an muntazam ravishda yuzma-yuz ko’rishmasa-da, ikki mamlakat aloqalari yaxshilandi, NATOga a’zo bu ikki davlat o’rtasida hamkorlik kuchaymoqda.
AQSh saylovida kim g’alaba qozonishidan qat’i nazar tahlilchilar Anqara uchun ham foyda, ham xavf ko’radi.
“Kamala Harrisning prezidentlikka kelishi hozirgi siyosat davom etishini anglatadi. Tramp qanday siyosat yuritishini esa oldindan aytib bo’lmaydi. Juda yaxshi yoki juda yomon bo’lishi, bir kun yaxshi, boshqa kun yomon bo’lishi mumkin”, - deydi Oydintoshbosh.