58 yoshli golland-turk Irfan Demirtash Afg'oniston va Pokistonda faoliyat olib borgan O'zbekiston Islomiy Harakati uchun mablag' to'plagan. Vashingtonda sudga tortilayotgan bu shaxs 15-sentabr kuni bu boradagi ayblovlarni tan oldi.
Demirtashga qarshi jinoyat ishi 2011-yilda ochilgan. Unga ko'ra, bu shaxs 2006 va 2008-yillarda Gollandiyadan turib, terror guruhini quvvatlagan.
Sudga topshirilgan hujjatlarda Demirtash maqsadi va asosiy vazifasi O'zbekiston Islomiy Harakati uchun moliya jamg'arish bo'lganini tan oladi.
Demirtash 2015-yilda AQShga topsirilgan. Amerika O'zbekiston Islomiy Harakatini dushman tomon deb biladi va uni shafqatsiz jinoyatlarda ayblaydi. Bu guruh azaldan uning manfaatlariga tahdid solib kelgan.
Demirtash 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
O'zbekiston Islomiy Harakati bugun parchalib ketgan, deydi mutaxassislar, lekin bu terrorchilar yo'q bo'ldi degani emas.
Guruh qoldiqlari va undan ruhlangan yoshlar hozir nafaqat Afg'oniston va Pokistonda, balki Suriyada ham dushman tomonda jang qilmoqda.