Breaking News

Jamoatchilik Obama prezidentligining ilk to'rt yilligi haqida nima deydi?


Barak Obama ertaga Vashingtonda, Kapitoliy ostonalarida, minglab fuqarolar oldida prezidentlik qasamyodini keltiradi. AQShning qora tanli ilk rahbari shu tariqa ikkinchi muddatini boshlaydi. Jamoatchilik qanday kayfiyatda? Obama unga bog’langan umidlarni oqlay oldimi?

Obamaning ikkinchi muddati, jamoatchilik nima deydi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00
Yuklab oling

2009-yilning yanvarida Kapitoliy qarshisida ikki million odam yig’ilib, Amerikaning 44-prezidentini qutlagan edi.

“Amerikaliklar qo’rquvni chetga surib kelajakka umid bilan qaraydi, nizo va kelishmovchilikni yengib birlik va hamjihatlikni afzal biladi”, - degan edi Obama.

Oradan to’rt yil o’tib, hayajon o’rnini siyosiy reallik egallaganini darrov sezadi kishi. Murosa-kompromiss bugun Vashingtonda eng nodir ne’mat.

“Bir maqsad atrofida birlashishimiz kerak”, - deydi Nyu-yorkdan Mark Monako.

“Qani edi ikki hukmron partiya bir biriga quloq tutsa, kelishib ishlasa”, - deydi Texas shtatidan bir ayol.

“Ko’pchilik prezidentdan o’tgan yillar ichida qilingan xatolarni bir pasda tuzatishini kutayapti. Axir u ham imkon boricha harakat qilayapti”, - deydi Kaliforniyadan Debra Singlton.

Obama noyabr oyidagi saylovda g’alaba qildi, lekin Kongress bilan siyosiy janglar o’z izini qoldiradi, deydi tarixchi Richard Norton Smit.

“Katta umidlar bilan Oq uyga kirib kelasizda, vaqt o’tishi bilan fundamental o’zgarishlar qilish oson emasligini tushub yetasiz. Sizdan rozilar ham bo’ladi, norozilar ham topiladi. Bular hammasi tabiiy jarayon”, - deydi Smit.

Barak Obama birinchi muddatida nimadan ko’ngli to’lmagan bo’lsa, yana to’rt yil vaqt bor. Qisqagina muddat, deydi tahlilchi Jon Fortier.

“Qayta saylangan prezident xalq menga yana to’rt yilga vakolat berdi deb qo’l shimarishi mumkin, lekin hech bir narsa oson emas. Vaqt suvdek oqadi. Ikki yildan keyin Kongressga saylovlar, undan keyin 2016-yilgi prezident saylovlariga tayyorgarlik boshlanib ketadi”, - deydi siyosatshunos.

Tarixan AQShda prezident inauguratsiyasi hokimiyat tinch o’zgarishini, rahbar qayta saylangan taqdirda esa davomiyligini anglatadi.

Odatda inauguratsiya murojaatida prezidentlar xalqni bir yoqadan bosh chiqarishga undaydi, tarixda nom qoldirishga harakat qiladi.

Siyosiy sharhlovchi Skot Fokner so’zlariga ko’ra, Obama uchun ham o’z merosini o’ylash fursati yetdi. Yaqin orada xalqqa murojaat qilib, rejalarga batafsil to’xtaladi.

Dushanba kungi marosimni ko’rish uchun poytaxtga 800 minggacha odam kelishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG