Breaking News

Xitoy bilan Himolayda hudud talashayotgan Hindiston mintaqada infratuzilmasini yaxshilamoqda


Hindiston Xitoy bilan munozarali hududi tomon yo’llar tarmog’ini qurmoqchi. Bu yo’llar chegaradagi harbiy bazalarni bir-biriga bog’lab, Himolay tog’lari bag’rida joylashgan Ladah mintaqasiga qo’shinlari va harbiy texnikani tezroq safarbar etishga yordam beradi.

Xalqaro hayot – 13-oktabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:24 0:00

Yaqinda Himolay ostidan salkam 9 kilometrlik tunnel qazildi. Natijada qish mavsumida Ladah tomon qorga to’la to’g orqali o’tishga hojat qolmaydi, yo’l 46 kilometrga qisqaradi.

Hindiston askarlari yaqinda bu hududda Xitoy qo’shinlari bilan o’q almashdi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Himolaydan 3000 metr quyida qazilgan “Atal” tunnelining ochilish marosimida qatnashdi.

“Mamlakatimizni himoya qilayotgan odamlar ehtiyojini qondirish hukumatimizning ustuvor vazifalaridan biri”, - dedi u.

Tunnelni qazishga 10 yil vaqt ketdi. Dehli Pekin bilan kelajakda harbiy to’qnashuvlarga hozirlanar ekan, hududda qo’shimcha yo’llar qurishni rejalagan. Bungacha Ladahga harbiy anjomlar qish mavsumida havo orqali yetkazilar edi, chunki asosiy yo’llar qor bilan to’silib, o’tib bo’lmasdi.

Hindistonning Himolaydagi qurilish ishlari Xitoyni xavotirga solmoqda.

“Xitoy Ladahning Hindiston noqonuniy ravishda tashkil qilgan markaziy hududini tan olmaydi. Bahsli chegara hududlarida harbiy nazoratni o’rnatish uchun amalga oshirilayotgan infratuzilma qurilishiga qarshimiz”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.

Hindiston qo’shni davlat e’tiroziga parvo qilmayapti. Hukumat chegara infratuzilmasi qurilishiga mablag’ni ikki baravar oshirib, Xitoyning yuqori sifatli yo’llar tarmog’i hamda vertolyot maydonchalaridan qolishmaydigan infrastruktura barpo etishga bel bog’lagan.

“Hind-Xitoy harbiy muvozanati hamisha Xitoy tomon og’gan. Biz tarozining pallasini Hindiston foydasiga og’irlashtirish imkoniga ega bo’lishimiz kerak. Buning uchun infratuzilmani yaxshilash lozim. Aks holda qo’shinlarimiz va harbiy texnikani chegaraga zudlik bilan safarbar eta olmaymiz”, - deydi tahlilchi Rajesvari Pillay Rajagopalan.

Yoz oyida ikki mamlakat qo’shinlari o’rtasida chegarada yuz bergan to’qnashuv Hindistonning zaif tomonlarini oshkor qildi. Mamlakatlaraskarlarini chegaradan olish xususida kelishgani yo’q hali. Dehli qishgacha texnika va artilleriyasini Ladahga yetkazmoqchi.

“Hindistonning varianti ko’p emas. Qishgacha oziq-ovqat, o’q-dori, boshqa anjomlarni chegara hududlarga eltish zarur. Xitoy bilan taranglik tez hal bo’ladi deb o’ylamayman”, - deydi Rajagopalan.

Yo’llarning ba’zilarini tushirishga vaqt ketadi. Shundan so’ng Hindistonning bahsli chegarani himoya qilish salohiyati ancha kuchayishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG