Ikkinchi muddatini boshlayotgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi yangi saylangan qonunchilarni ozchilik guruhlar, xususan musulmonlar ishonchini qozonishga chaqirmoqda. Mamlakatda musulmon aholi taxminan 190 millionni tashkil etadi. Bxaratiya Janata millatchilar partiyasining (BJP) saylovda g’alabasiga ular qanday munosabat bildiradi?
Dehlidagi Jome’ masjidi atrofi doimiy gavjum joy. Ramazon kunlari iftor paytida musulmonlar bilan to’lgan ko’chalar ovqat bazmini eslatadi.
Lekin musulmonlar orasida Bosh vazir Narendra Modi ikkinchi muddatda saylangani sezilarli xavotir uyg’otgan.
“Musulmonlar orasida xavotir bor. Uyg’unlikni buzayotgan amaldagi hukumatning o’zi”, - deydi Muhammad Rehon.
Narendra Modining birinchi muddatida musulmonlarga hujumlar ko’p bo’lgan. Uning g’alabasi o’ng qanot guruhlarni yanada kuchaytiradi degan qo’rquv bor.
“Qo’rquv bilan kuzatib turibmiz. Musulmonlarni ta’qib va zo’ravonlikdan hukumat himoya qilishi kerak”, - deydi do’kon egasi Muhammad Salihin.
Modining so’zlari umid uyg’otmoqda. Muxolif partiyalar, deydi u, ozchilik guruhlardan ovoz olish uchun ularning ko’nglini ovladi. Qonunchilar aholi ishonchini qozonishi kerak, deydi bosh vazir.
“Yelkama-yelka turib ishlashimiz, hammani birday ko’rib, ozchilik guruhlar his qilayotgan qo’rquv, tilyog’lamachilikni tugatishimiz shart. Biz bunga mas’ulmiz”, - deydi Narendra Modi.
Musulmonlar yashovchi bu mahallada baribir halovat yo’q. Do’kon egasi gazetalarni varaqlar ekan, ayrim joylarda musulmonlarning do’ppisi tortib olingani, uch kishi mol go’shtini olib ketayotganlikda ayblanib do’pposlangani haqidagi xabarlarga ko’zi tushadi.
“Kimdandir avval ismini so’rab, keyin hundu shiorlarini aytishni talab qilishibdi. Bu nimasi? Nega bunday qilishimiz kerak? Dinimizda bu narsa yo’q”, - do’kon egasi Muhammad Iskandar.
Tanqidchilarga ko’ra, Bxaratiya Janata partiyasi hukmronligi diniy ayirmachilik chuqurlashishiga olib keladi. Saylov kampaniyasida shunday hollar ko’zga tashlandi.
“Partiyaning bir nechta a’zosi, jumladan, parlament a’zolari, hatto partiya rahbarlari shunday bayonotlar qildiki, ularni tinglasangiz musulmonlarga ishonib bo’lmaydi degan ma’no kelib chiqadi”, - deydi jurnalist Ajoy Bous.
Ishonchsizlikni yengish uchun, deydi suhbatdoshlar, bosh vazir bergan va’dalarining ustidan chiqishi kerak.
“Uning so’zlarini olqishlaymiz. Lekin u aytgan gapida turib, hammani barobar ko’rishi kerak”, - deydi do’kon egasi Muhammad Irshod.
Modi hukumati qaysi yo’ldan borishi noma’lum.
“Yangi Hindistonni ko’rayotgan bo’lishimiz mumkin. Lekin millatchilik uning asosida yotadimi, yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi. Xulosa qilishga hali erta”, - deydi Ajoy Bous.
Istagimiz bitta - tinchlik va xotirjamlikda, qo’rquvsiz hayot kechirishni xohlaymiz, deydi musulmonlar.
Facebook Forum