Dunyoning eng katta demokratik davlatida hokimiyat o’zgarmoqda. 553 million odam qatnashgan saylovda mag’lubiyatga uchragan Kongress partiyasi rahbari, 81 yoshli Manmohan Singx bosh vazirlikni Bharatiya Janata partiyasi (BJP) rahbari, 61 yoshli hindu millatchi Narendra Modiga bo’shatmoqda. Xo'sh, dunyodagi ikkinchi eng yirik jamiyatni boshqarishga kirishish arafasida turgan Modining yondashuvi va ustuvor maqsadlari qanday?
Hindistonda anchadan beri Gujarat shtatining bosh vaziri bo’lib ishlagan, endi mamlakatni boshqarish arafasida turgan arbob atrofida turli fikrlar.
Hindistonda anchadan beri Gujarat shtatining bosh vaziri bo’lib ishlagan, endi mamlakatni boshqarish arafasida turgan arbob atrofida turli fikrlar.
Narendra Modi rahbarligidagi BJP partiyasi liberal va dunyoviy Kongress partiyasi ustidan g’alaba qozondi. Kongress partiyasi mamlakatda yetarli iqtisodiy o’sishni ta’minlab bera olmadi, oqibatda qo’shni Xitoy undan ancha o’zib ketdi. So’nggi 10 yilda Hindistonning o’sayotgan aholisi muhtoj ish joylarining 10 dan bir qismini yaratishga muvaffaq bo’ldi, xolos.
Yangi rahbar vaziyatni o’nglay oladimi? Gujaratni boshqarganida u tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlab kelgan. Yangi bosh vazir sifatida esa Modi ikki katta maqsadni oldiga qo’ydi: biri – korrupsiyani yo’q qilish, ikkinchisi – umumiy o’rta ta’lim tizimini yaratish. Ammo u avtokrat sifatida tanilgan.
BJP partiyasi ulkan salohiyat va qudratga ega. Parlamentda hech bir partiya bilan ittifoq tuzmay, qonunlarning qabul qilinishini kafolatlay oladi, Kongress partiyasi esa ancha o’rinlarni boy bergan.
Fuqaroviy jamiyat vakillari Modi harakatlarini yaqindan va ehtiyotkorlik bilan kuzatishi lozim, deydi Davlat siyosati markazi tahlilchisi Siddart Varadarajan.
“Hech qaysi boshqa bosh vazir haqida odamlar bunday zid fikrga ega bo’lganini eslolmayman. Modining hokimiyat uslubi ham shunday”.
Arbob tanqidchilari Modi Gujaratni uzoq vaqt boshqarganida musulmonlar va ozchilik guruhlarga adolatsiz edi, deydi.
Hindistonning 17-bosh vaziri sifatida bu millatchi arbob o’z yondashuvini o’zgartirishga majbur bo’ladi, deydi nufuzli tadqiqotlar markazi rahbari Part Shoh.
“Janob Modi kichik shtatni va katta davlatni yuritish o’rtasidagi farqni yaxshi tushunadi, deb o’ylayman. Aholi 1,2 milliard odam, ularning fikri va manfaatlari har xil, orasida kuchli shaxslar ham bor. Davlat darajasida buni inobatga olmasa bo’lmaydi”.
Modi oddiy oiladan chiqqan. Yoshligida choy do’konida ishlagan. Endi esa unga ovoz berganlar Hindiston zamonaviy mamlakatga aylanishiga umid qilmoqda.