Kelasi haftada Vashingtonda bo’lib o’tadigan AQSh-Hindiston Strategik muloqoti deb nomlangan tadbirga tayyorgarlik tariqasida Mudofaa vaziri Leon Panetta Hindistonga safar qilmoqda.
Amerika Hindistonga yirik biznes hamkor va siyosiy ittifoqchi sifatida qaraydi. Bu davlat Mudofaa vaziri A.K. Antonining aytishicha, Dehli va Vashington bir-biriga ishonadi.
Pentagon rahbari Dehlida harbiy yodgorlikka qadam ranjida qilib, gumchambar qo’ygan. So’ngra Hindiston rasmiylari bilan xavfsizlik bobida, xususan, Janubiy Osiyo tinchligi va AQSh roli haqida gaplashgan.
Pentagon nazarida Hindiston bugun Afg’onistonda katta nufuzga ega. Yirik miqdorda sarmoya kiritmoqda, harbiy malakani oshirishda yordamlashmoqda va bu jamiyat demokratik tuzum sifatida ravnaq topishidan manfaatdor.
AQSh Mudofaa vazirligi so’zlovchisi kapitan Jon Kirbi deydiki, Panetta Dehliga chuqur minnatdorchilik bildirgan.
Hindiston shu kungacha Afg’onistonga 2 milliard dollar miqdorida sarmoya olib kirdi. O’tgan yili orada strategik hamkorlik bitimi imzolangan. 2014-yil oxiriga borib, xalqaro qo’shinlar chiqib ketishi kutilar ekan, Dehli Kobulga xavfsizlik bobida yordamni yanada oshirish niyatida.Janubiy Osiyo siyosati bo’yicha tahlilchi Maykl Makkinli “Amerika Ovozi” bilan suhbatda shuni ta’kidlaydiki, Hindistonga Afg’oniston bilan ishlash oson emas. Orada Pokiston bunga ko’p jihatdan halal berishga intilishi mumkin. Vaholanki, oxirgi yillarda Dehli va Islomobod orasidagi aloqalar ancha iliqlashgan. Pokiston iqtisodiy jihatdan tobora kuchga to’lib borayotgan qo’shnisi bilan do’stona rishtalarga tayyor ekanini qayd etmoqda. Makkinli fikricha, Hindiston o’z tashqi siyosatida qisqa emas, uzoq muddatni ko’zlaydi. Buni tushungan Amerika Dehlini yaqindan quvvatlamoqda. Bu davlatni nafaqat Afg’oniston, balki Markaziy Osiyo respublikalari bilan ham hamkorlikni kengaytirishga undamoqda, ayniqsa savdo bobida.
Dehlidan xavfsizlik bo’yicha ekspert Uday Baskar tahlilicha, hozirda Hindiston oldidagi eng muhim masala – Xitoy qudratining oshishiga yo’l qo’ymaslik. Amerika mintaqada harbiy muvozanatni ta’minlashda katta rol o’ynaydi, deydi u.
Muzokaralardan shu narsa ma’lumki, deydi u, Hindiston va Qo’shma Shtatlar orasida qurol-aslaha savdosi kengayishi kutilmoqda.