Breaking News

Hindiston AQSh yordamida qurol ishlab chiqarishni yo'lga qo'ymoqchi


AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel Hindistonga tashrifi chog'ida, Dehli, 9-avgust, 2014-yil
AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel Hindistonga tashrifi chog'ida, Dehli, 9-avgust, 2014-yil

Hindiston qurollarni asosan AQSh va Rossiyadan sotib oladi. So’nggi yillarda Qo’shma Shtatlar bu borada Rossiyadan o’zib ketdi. Dunyoda eng yirik qurol importchisiga aylangan Dehli endi o’z harbiy sanoatini rivojlantirishga urg’u beryapti.

Hindiston mudofaa vaziri Arun Jaytlining parlamentda deputatlarga aytishicha, hukumat so’nggi uch yilda AQShdan 5,5 milliard dollarga, Rossiyadan esa to’rt milliard dollarga teng qurol sotib oldi.

Tahlilchi Raxul Bediga ko’ra, Hindiston Amerikadan hali ko’p narsa xarid qiladi.

"Oddiy vertolyotlar, hujumkor vertolyotlar, og’ir yuk ko’taruvchi vertolyotlar savdosiga doir ikkita kontrakt bor. AQSh Rossiyadan shartnomalarni ilib ketdi. Bu ikki yarim milliard dollarlik kelishuv", - deydi Bedi.

Hindiston Sovuq urush davridagi ittifoqchisi Moskvadan qurol savdosi bobida tobelikdan qutulish maqsadida eksport manbalarini so’nggi yillarda xilma-xillashtirishga harakat qildi.

AQSh bilan so’nggi kelishuvlarga asosan qurol ishlab chiqarish texnologiyasining bir qismi Hindistonga uzatiladi, shunda mamlakatning o’zida yuqori texnologiyali qurollarni yaratish mumkin bo’ladi.

Chet el qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalari diqqatini tortish maqsadida hukumat o’tgan hafta mudofaa sohasida xorijiy sarmoyadorlar ulushini 26 foizdan 49 foizga ko’tardi.

Hindistonning mahalliy harbiy sanoati rivojlanmagani uchun mamlakat qurollarni asosan xorijdan sotib olishga majbur. Bu borada dunyoda birinchi o’rinda turadi. Biroq Bosh vazir Narendra Modining aytishicha, qurol importiga tobelikni kamaytirish vaqti keldi.

Yaqinda Hindistonga safar qilgan AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel Qo’shma Shtatlar Hindistonga nafaqat qurol sotishga, balki ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishda yordam berishga ham tayyor, deb aytdi.

Raxul Bediga ko’ra, bundan Hindiston foyda ko’radi.

"AQSh yaqingacha harbiy texnologiyalarini Hindistonga uzatmay kelayotgan edi. Dehli bundan norozi edi, biroq mudofaa vaziri Xeygelning so’nggi tashrifi chog’ida Hindistonga 10 xil texnologiyani berish haqida so’z ketdi. Hozircha biror bitim tuzilmagan, tomonlar hali ko’p muzokara qilishi kutilmoqda. Nima bo’lganda ham masala ijobiy hal etilishi kutilmoqda va bundan Hindiston mahalliy sanoati foyda ko’radi", - deydi tahlilchi.

AQSh Hindistonga tankka qarshi Javelin raketasini yaratish texnologiyasini berishni taklif qilmoqda. Bunaqasi hali bo’lmagan, deydi rasmiylar.

O’zaro munosabatlar past-balandiga qaramay, ikki davlat aloqalari so’nggi paytda ancha yaxshilangan. Mudofaa sohasidagi tahlilchilar nazarida AQShning hind harbiy bozorida faollashgani ortida ikki sabab bor. Birinchidan, Dehlidan Amerikaning Xitoyga qarshi siyosatida foydalanish mumkin. Ikkinchidan, AQSh Rossiyani Hindistonning asosiy qurol ta’minotchisi sifatida siqib chiqarmoqda. Bunga sabab Rossiya so’nggi payt mahsulotni o’z vaqtida yetkazmay, narxni oshirib, ishonchsiz hamkorga aylangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG