Breaking News

Hindistonlik fermerlar islohotlarga qarshi chiqmoqda


Hindistonda o’n minglab fermerlar hukumat nazoratidagi agrosavdoni bekor qilib, qishloq xo’jaligini isloh qilishga qaratilgan yangi qonunlarga qarshi namoyish qilmoqda.

Hindistonlik fermerlar islohotlarga qarshi chiqmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00

Fermerlar nazarida, yangi siyosat ularni erkin savdo kuchlaridan himoya qiluvchi mexanizmdan ayirib, millionlab odam daromadiga ta’sir qilishi mumkin. Hukumat bilan o’tgan muzokaralarning ikki davrasi hozircha natija bergani yo’q.

Ko’p kunlik namoyishlarga hozirlanib oziq-ovqat, ko’rpa-tu’shak, o’tin g’amlab poytaxtga otlangan fermerlar qishloqlardan traktor va yuk mashinalarida yo’lga chiqqan.

Namoyishga chiqishdan oldin erta tongda ular taomlarini tayyorlaydi, tunni esa o’z transportida o’tkazadi.

Dehliga yetaklovchi trassalar bo’yida chodir qurgan fermerlar nazarida, yangi qonunlar davlat nazoratidagi bozorlarda mahsulot sotishni cheklab, xususiy savdoga yo’l ochadi.

“Hosilimni xususiy savdogarga qanday qilib sotaman? Dehliga borib yuqoriroq narxga kelishishga arziydigan darajada ko’p oziq-ovqat yetishtirmayman. Davlat bozori mendan 10 kilometr narida. O’sha yerga borib sotganim osonroq menga”, - deydi dehqonlardan biri.

Namoyish qilayotgan fermerlarning aksariyati Xaryana va Panjob kabi shimoliy shtatlardan. Guruch va bug’doy yetishtirishda ilg’or bu mintaqalarda dehqonlar o’z mahsulotini davlat belgilagan narxda sotadi.

Bosh vazir Narendra Modi erkin bozorlar kattaroq daromad keltirishini, islohotlar hind agrosanoatini zamonaviylashtirishga yordam berishini aytsa-da, ko’plar xavotirda.

“Davlat bozorlari yo’q qilingan boshqa shtatlardagi ahvolni ko’rdik. Xususiy savdogarlar Bihar va Uttar Pradeshda biz sotadigan narxdan arzonroqqa bug’doy va guruch olib sotyapti”, - deydi panjoblik Lakshman Singx.

Aksariyati kichik dalalarda ishlab, arzimagan pul topadigan fermerlar fermalarning xususiylashtirilishi natijasida davlat bozorlaridagi dallollar yo’qolishidan ham xavotirda. Ular doim ham halol pul topmasa-da, fermerlarga urug’ olishda yoki o’ta zarur bo’lganda qarz berib turadi.

“Dallollar bankomat vazifasini bajaradi. Bolam kasal bo’lib qolsa, qarzga pul berib turadi. Boshqa xarajatlarimiz chiqib qolsa ham yo’q deyishmaydi. Mahsulotlarimizni katta kompaniyalarga sotadigan bo’lsak, dallollardan ayrilamiz”, - deydi xaryanalik dehqon.

Fermerlar hukumat bilan muzokara qilarkan, yon bergisi yo’q. Ular ba’zi mahsulotlarga davlat minimal narx belgilashini talab qilmoqda.

“Talablarimiz qondirilmas ekan, mana shu traktorlar uyimiz bo’ladi. Olti oyga yetadigan oziq-ovqat olib kelganmiz”, - deydi Lakshman Singx.

“Qonunlar bekor qilinsagina uyga qaytamiz. Bir oy bo’ladimi, olti oy, farqi yo’q”, - deydi yana biri.

Hindiston aholisining salkam yarmi qishloq xo’jaligi hisobiga kun kechirarkan, namoyishchilar uyga quruq qaytgisi yo’q. Bu esa Narendra Modi islohotlariga pand berishi mumkin

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG