Yaqinda britaniyalik bir fotosuratchi O’zbekistonda 3 hafta bo’lib, sayyohlik mavzusida suratlarni tasvirga tushirgan. Julian Elliot respublikaga ilk safari taassurotlari bilan o’rtoqlashdi.
Amerika Ovozi (Odil Ruzaliev): Salom, Julian. O’zingiz haqingizda ma’lumot bering.
Julian: Ismim Julian Elliot. Professional fotosuratchiman, Fransiyada yashayman, lekin o’zim britaniyalikman. Ko’p sayohat qilaman. Sayohatga g’ov bo’luvchi COVID dan oldin ko’p joylarga borib turardim. 30 tacha mamlakatda bo’lganman. Men “stok sanoati” uchun suratga olaman, Amerikaning “Getty Images” kompaniyasi uchun tasvirlar olaman. O’zbekistonda meni bir nashriyot yolladi. Sayyohlarni O’zbekistonga sayohat qilishga undovchi suratlar tasvirlangan albom chiqarmoqchi bo’lishgan ekan.
Amerika Ovozi: O’zbekistonga safaringiz haqida batafsil so’zlab bering.
Julian: Bir maqolam turizm haqidagi bir jurnalda chop etilgan edi. Uni Britaniyaning O’zbekiston bo’yicha turizm elchisi yoqtirib qolibdi. Uning kimligini surishtirishga kirishdim. Ishimni yoqtirgan odamlar kimligini bilgim keladi. O’sha ayolning profilida O’zbekistonning sayyohlarga ochiq ekanini ko’rib qoldim. Bir narsa ikkinchisiga yetakladi. Oxir-oqibatda nashriyot men bilan bog’landi, tez kelishib oldik. Tashkiliy ishlarga ikki oycha vaqt ketdi chamasi.
Amerika Ovozi: Bu O’zbekistonga birinchi safaringizmidi?
Julian: Umid qilamanki, oxirgisimas. Ha, birinchi safar edi va shu qadar zo’r o’tdiki!
Amerika Ovozi: Qancha vaqtga bordingiz, qayerlarda bo’ldingiz?
Julian: 3,5 haftaga bordim. O’zbekistonga 31-iyulda bordim. Kelishim bilan mendan “nonushta qildingizmi, ochmisiz?” deb so’rashdi. “Yo’q” dedim. “Soat 10 da turizm vaziri bilan ko’rishsak bo’ladimi?” deb so’rashdi. “Bo’ladi” dedim. Vazirlik rahbariyati bilan short, futbolkada ko’rishishga to’g’ri keldi. Shundan keyin vertolyotda tog’larni, kechroq Toshkentni aylandim. Ertasiga ham Toshkentda bo’lib, so’ng Nukusga uchdim. Tunni o’sha yerda o’tkazib, Mo’ynoqqa bordim. Bir vaqtlar gurkiragan baliqchilik sanoati, Orol dengizi qoldiqlarini ko’rdim. Shundan keyin sayyohlar orasida ommabop Buxoro, Samarqand, Xivani aylandim, cho’ldagi qal’alarni, Termizda ko’hna ko’rkam imoratlarni, masjidlarni, eski ibodatxonalarni ko’rdim.
Afg’oniston Tolibon qo’liga o’tgan paytda O’zbekistonda edim. G’ayritabiiy holat bo’lib tuyuldi menga. Chegaraning u tomoniga qarab, o’ylanib qoldim. Bu yerda erkinlik, u yerda esa odamlar o’lmoqda, ancha g’ayritabiiy holat. Toshkentdan Farg’ona vodiysiga uchdim, qaytib kelib Jizzaxga o’tdim.
Amerika Ovozi: O’zbekistonda olgan birinchi suratingiz nima edi?
Julian: Menimcha, turizm vazirligi va vazirning suratlari edi. Menga hamrohlik qilgan ayoldan “nima qilishim kerak” deb so’raganimda, “suratga olish” deb aytdi.
Ammo men tushirgan birinchi haqiqiy surat taniqli bir rassomning tasviri bo’ldi. Ajoyib inson, ajoyib rassom. Ustaxonasida ishlarini ko’zdan kechirdim.
Amerika Ovozi: Julian, O’zbekistonda qaysi joy, qaysi shahar sizga ko’proq yoqdi, qaysi joyni peyzaj foto uchun eng zo’r deb o’ylaysiz?
Julian: Cho’lda ko’rgan qal’alar, menimcha eng zo’ri. Men borganda suratga tushirish uchun sharoit yaxshi emas edi. Kun o’rtasida, quyosh tikka turgan paytda bordim. O’ta issiq edi, adashmasam, 40-45 daraja; yorug’lik kuchli edi. U yerga qaytib borishni, bulutlar bilan, quyosh chiqishi yoki botishi paytida yana bir bor suratga olishni istardim. Rejada bor, ammo bunga vaqt topishim kerak. Qoraqalpog’istonda edi bu.
Afsuski, qal’alarning nomlari esimda yo’q. Yorug’lik to’g’ri tushsa, surat ajoyib chiqadi. Ammo men borganda bunday bo’lmadi.
Nazarimda, har bir shahar o’ziga yarasha go’zaldir. Birini tanlab, boshqalariga qaraganda yaxshiroq deyish adolatsizlik bo’ladi. Chunki har birining o’ziga yarasha xususiyati bor. Odamlar menga juda yoqdi.
Xivada shaharning menimcha g’arbiy darvozasiga suyanib turgan yosh juvonni suratga tushirdim. Zo’r chiqdi. Suratni ko’rgan har bir odamga yoqyapti.
Keyin Samarqandga borib, tabiiyki, Registon maydoniga tushdim. Buxoroda bir-biriga yuzlanib turgan ikkita masjid joylashgan asosiy maydonda bo’ldim.
Amerika Ovozi: Safaringiz chog’ida sizga kimdir yordam berib turdimi?
Julian: Ha. Hayot va Sarvar ismli yigitlar menga hamrohlik qilishdi. Yanglishmasam, turizm vazirligida ishlashadi. Feruz [Rustamov] ismli taniqli fotosuratchi ham yordam berdi. Ular hamma joyda men bilan bo’lishdi.
Bundan tashqari, joylarda turizm vazirligining mahalliy idorasi yoki tur-kompaniyadan kimdir bo’ldi. Mahalliy va milliy televideniye uchun intervyu ham olishdi. Ba’zan e’tirof yaxshi narsa.
Amerika Ovozi: Julian, siz tilga olgan har bir joy, ayniqsa Registon, Samarqand, Xiva, Buxoro havaskor va professional fotosuratchilar ko’p suratga tushiradigan joylar bo’lib, nazarimda, minglab fotosuratlar olingan. Hatto 100 yildan oshiq vaqt oldin taniqli rus fotosuratchisi [Sergey Prokudin-Gorskiy] ham Samarqandni tasvirga tushirgan.
Aytingchi, siz suratga olgan tasvirlar orasida minglab boshqalarnikidan farq qiladiganlari bormi?
Julian: Ishlarimni boshqa odamlarnikidan ajratishga harakat qiladigan bo’lsam, nazarimda, odamlarning suratlari ajralib turadi deb ayta olaman. O’zbekiston Registon maydoni bilan diqqatimni o’ziga tortgan edi. Uni birinchi marta suratda ko’rganimda lol qolgan edim.
Qoraqalpog’iston va, xususan, Mo’ynoqni oladigan bo’lsam, biz borgan kuni havo o’ta issiq edi. Tunni o’tovda o’tkazdik. Onasi va akasi bilan turgan bir qizga ko’zim tushdi. U menga qarab inglizchada salom berdi. Men esa alik oldim. So’ng u menga o‘zbek tilida uchta so’z o’rgatdi. Men ham qizchaga inglizcha so’zlarni o’rgatishga harakat qildim. Uni kemalar orasida yugurib ketayotganida tushirgan bir suratim bor.
Xivada esa eshik yonida turgan ayol surati yoqadi menga. Sarvar ismli yordamchim unga milliy chopon kiygizishni taklif etdi. Ismi Feruza edi. Ko’zlari juda chiroyli edi.
Xivada yog’ochga ishlov berayotgan aka-uka duradgorlarni, milliy taom pishirishini suratga olishim kerak bo’lgan bir qizni uchratdim.
Samarqandda ham bir nechta shunday surat oldim. Registon maydonini aylanarkanmiz, menga hamrohlik qilgan odamlarga “mamlakatingizga o’zingizning mamlakatingizday emas, mening nuqtai nazarimdan qarashingiz kerak” dedim. Shu kuni hunarmandlarni ham suratga oldim.
Bu yurtning ajoyib, mehribon, mehmondo’st insonlarini qo’msayman. Me’morchilik namunalariga, tarixga qattiq e’tibor beramizu, odamlarni payqamay qolamiz. To’g’ri, sayyohlar binolar, tarixga qiziqib mamlakatga sayohat qiladi, ammo mamlakat odamlardan iborat.
Amerika Ovozi: Odamlarning turmush tarziga kelganda poytaxt Toshkent va Mo’ynoqda farq ko’zga tashlandimi?
Julian: Albatta! To’g’ri, Mo’ynoqda qandaydir ishlar amalga oshirilmoqda va bu yaxshi.
Ammo biz Qoraqalpog’istonda turgan o’tovda suv yo’q edi. Buni mahalliy turizm idorasidagilarga ham aytdim. Odamlar Orol dengizi, kemalar, muzeyni ko’rmoqchi bo’ladiyu, suv bo’lmasa. Menimcha, u yerdagi odamlarga yordam berish kerak. Qulayliklar yaratilsagina, sayyohlar shunday chekka joylarga borishi mumkin.
Amerika Ovozi: Oddiy odamlarning uylarida ham bo’ldingizmi, madaniy tadbirlarda qatnashdingizmi?
Julian: Qoraqaplog’istonda bir necha uyda bo’ldim. Nukusga yaqin bir qishloqda. Nomi esimda yo’q.
Ayrim narsalar men uchun g’ayritabiiy ko’rindi. Mahalliy hunarmandlar ko’p yana bir qishloqqa bordik. Ulardan biri rassom edi, yana biri domra yasaydi. Hammasini ham suratga tushira olmadim. Bir kun qaytib, uylarida suratga olishni istardim. Shu qishloqda o’tov qiladigan ustalarni ham ko’rdim.
Samarqandda fotosuratchi Feruzning ota-onasinikida turdim. Uyda tojikcha, ruscha gaplashisharkan. Jizzaxdagi turizm idorasidagi ayolnikida bo’ldim, non yopayotgan edi.
Amerika Ovozi: Xizmatingiz doirasida dunyoni ko’p kezasiz. O’zbek madaniyatiga o’xshaydigan qanday mamlakatda bo’ldingiz?
Julian: O’zbeklarga O’zbekistonni Mongoliyaga qiyosalaganim yoqmasligini sezdim. O’xshashliklar bor, Chingiz Xonga borib taqaladigan mushtarak tarix.
O’tovni olaylik. Mongollar uni “ger” deb ataydi. Ular qimizni “ayrak” deb ataydi. Siz Sovet Ittifoqining bir qismi bo’lgansiz. Sovetlar Mongoliyani ham bosib olgan. Tarixlarining katta qismi vayron bo’lgan, sizda ahvol ancha yaxshiroq, ko’p narsalar saqlanib qolgan. Buxoroda ko’rdim buni.
Amerika Ovozi: Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida bo’lganmisiz?
Julian: Yo’q, ammo borishga harakat qilaman. Safarim homiylaridan biri ikki oyga Qozog’istonga borish imkoniyati borligini aytdi. Ma’lum bir hajviy filmni deb, Qozog’istonning G’arbda obro’si tushib ketgan edi deb o’ylayman. Ammo bu kinoni e’tiborga olmasak, Qozog’iston tabiiy mo’jizalari uchun ko’rishga arzigulik mamlakat.
Tojikistonning tog’ manzaralari go’zal. Turkmaniston haqida ko’p ma’lumotga ega emasman. Markaziy Osiyoni yaxshi ko’raman. Mintaqaga borgan odam u yerdan qaytgach yana borgisi kelaveradi.
Amerika Ovozi: Julian, nega peyzajchi fotograf bo’ldingiz?
Julian: Boshida faqat peyzajlarni olardim, ammo keyin turistik fotosuratchiga aylandim va peyzajlarni buyurtmaga qarab olaman. Bu bilan idoradagi kundalik oddiy hayotdan qochishga muvaffaq bo’ldim.
Ilgari ko’p vaqtni ofisda o’tkazishga to’g’ri kelardi. Hozir esa o’zim uchun ishlaganim sabab istagan payt ishimni to’xtatib, tashqariga chiqishim mumkin. Ilgari kompyuter oldida o’tirib, derazadan tashqariga qarab, bugun shuncha ish qilding, ertaga yana shuncha qilishing kerak, der edim, doim jadvalga ko’ra ishlash kerak edi.
Sayyohlik fotolari va peyzajlarni suratga tushirish bilan shug’ullanish dunyoni aylanish imkonini berdi menga.
Mendan eng yaxshi peyzaj qaysiligini so’rashadi. Javobim shuki – hammasi, chunki har bir mamlakat o’z xususiyatiga ega. Bittasini zo’r deyish noto’g’ri. Hammasi har xil, hammasi noyob.
Amerika Ovozi: Raqamli texnologiya, raqamga surat olish paydo bo’lishi bilan fotoapparat va boshqa jihozlar arzonlashdi. Suratga olishga qiziquvchi odamlar soni ancha oshgan. Plyonkaga suratga oladigan davrga qaraganda, 20-30 yil oldingiga qaraganda fotosuratchilar soni ancha ko’paygan.
Siz bilan suhbatni tomosha qilayotganlar orasida ham shunday fotosuratchilar borligiga aminman. Jihozlaringiz haqida ma’lumot bering.
Julian: Men “Canon” fotoapparatiga olaman. Canon 5D Mark IV fotoapparatim bor. So’nggisi emas. Olish-olmaslikni o’ylayapman, ammo zarur emas hozir. Uchta transfokatorim bor - teleobyektivim bor - 16-35mm, 24-70mm, 100-400mm. O’zbekistonda barchasidan foydalandim. Hammasi bo’lib 7 ta obyektiv bor menda. Shtativdan ham foydalanaman.
Amerika Ovozi: O’zbekistonda master-klass berish imkoni bo’ldimi?
Julian: Ha, eng so’nggida. Ketishimdan 2-3 kun oldin Toshkentda olingan barcha tasvirlarga ko’z yugurtirib chiqib, ularni odamlarga taqdim qilish yo’llari haqida o’ylandim. Master-klass paytida avval odamlar tushgan suratlarni ko’rsatdim, so’ng binolarni. Prezentatsiyani ikki qismga bo’lib, ishlash uslubimni ko’rsatdim.
Ish paytida hafsalamni pir qilgan narsa shu bo’ldiki, jadvalga qarab ish tutish uchun meni doim shoshirishardi. Shunda sabr so’zining o’zbekchasini o’rganishga va qo’llashga to’g’ri keldi. Ammo bu ularning asabiga tegardi.
Sayohatchi fotosuratchi sifatida shuni o’zlashtirib oldimki, mahalliy tilda hech bo’lmaganda salomlashish, xayrlashish va minnatdorchilik izhor etishni o’rganib olish kerak. Do’stim Hayotdan “iltimos” so’zini bilib oldim. Odamlarni suratga olishdan oldin o’zbekchada “iltimos, suratga olay?” deb so’rardim. Odamlarga ularning tilini o’rganishga vaqt ajratganim yoqardi. Master-klass paytida shularni tushuntirdim.
Amerika Ovozi: Julian, peyzajchi va sayohatchi fotosuratchilarga qanday maslahatlar bergan bo’lardingiz?
Julian: Uzoq joylarga ishlash uchun borishdan oldin o’sha joylar haqida izlaning, bunga yetarlicha vaqt ajrating, u yerlarda nimalar borligini, sizni nimalar qiziqtirishini bilib, yozib qo’ying, har xil joylarga borish yo’llarini, ko’chalarni belgilab qo’ying. Oldindan rejalashtirish, tayyorgarlik ko’rish muhimdir. Men uch kecha turli fotoarxivlarda O’zbekistonga doir tasvirlarni ko’rib chiqdim, ulardan ilhomlandim, yaxshi joylarni Google xaritasida belgilab qo’ydim. So’ng bu ma’lumotlarni, menga qiziq bo’lgan joylar ro’yxatini tur-kompaniyaga berdim, ular esa sayohat jadvalini tuzib berishdi. Ana shu jadval sayohatim negizini tashkil etdi.
Facebook Forum