Xo'rmuz bo'g'ozida Eron harbiy dengiz floti xorijiy yuk kemasiga hujum qilgan. "MV Maersk Tigris" bo'g'oz orqali Arab ko'rfaziga ketayotgan bo'lgan.
Eron voqea yuzasidan hali rasmiy bayonot bergani yo'q. Ammo mamlakatning "Fars" axborot agentligi xabariga ko'ra, kema mavjud moliyaviy muammolar tufayli to'xtatilgan.
Pentagon so'zlovchisi polkovnik Stiv Uorren hujum yuz bergan payt kema bo'g'ozning Eronga qarashli hududida bo'lganini tasdiqladi. Ammo vaziyatni huquqiy jihatdan baholash murakkab, dedi u.
"Xo'rmuz bo'g'ozining bu qismi aftidan Eronga tegishli. Eron sohiliga 12 milya yaqin joyda bo'lgan. Ammo bu yer xalqaro tashuv yo'lagi deb atalgani bois, ba'zan yo'lakdan chiqib ketganlarni uzrli sanab o'tkazib yuborish kerak. Xalqaro standartlarga ko'ra, barcha dengiz qoidalariga rioya qiluvchi kemalar bu bo'g'ozdan o'ta olishi kerak", - dedi Uorren.
AQSh hududni kuzatish uchun boshqariluvchi raketa bilan qurollangan "USS Farragut" harbiy kemasini jo'natgan. Shuningdek, AQSh dengiz kuchlari markaziy qo'mondonligiga qarashli samolyot ham hodisani kuzatish uchun safarbar etilgan.
AQSh rasmiylari eronliklar egallab olgan kema egalari bilan ham aloqada ekanliklarini ma'lum qildi.
Kema Marshal orollari bayrog'i ostida suzgan. Unda biror amerikalik bo'lmagan.
Xo'rmuz bo'g'ozi Ummon va Eronni ajratib turuvchi tor kanal bo'lib, u orqali Saudiya Arabistoni kabi ko'rfazning eng katta neft ishlab chiqaruvchi davlatlariga o'tiladi.
Ko'rfazning eng tor qismi 33 kilometrdan iborat bo'lib, bu yerda kemalar o'tishi uchun ikki milya kenglikda yo'lak qoldirilgan.