Breaking News

Eronda parlament saylovlari kampaniyasi boshlandi


Eron parlamenti
Eron parlamenti

Eronda parlament saylovlaridan bir hafta oldin saylov kampaniyasi boshlandi. 7000 dan ziyod nomzod 21-fevral kuni deputatlik mandati uchun kurashadi. Saylov Prezident Hasan Ruhoniy siyosati uchun sinov vazifasini ham o’taydi.

Bu gal ham o’tgan saylovlarda bo’lgani kabi konservativ nomzodlar mo’tadil da’vogarlar bilan bellashadi. Biroq nomzodlarni tasdiqdan o’tkazuvchi Konstitutsiya posbonlari kengashi ro’yxatga olingan minglab nomzodlar va jumladan amaldagi 90 qonunchini ro’yxatdan chiqarib yubordi. Prezident Ruhoniy 12 a’zolik kengashning bu qarorini tanqidga oldi.

Eron inqilobining 41 yilligi munosabati bilan qilgan ma’ruzasida davlat rahbari eronliklarni jarayonda faol bo’lishga chaqirdi.

Oliy diniy rais Oyatulla Ali Xomeneiyning aytishicha, saylovda qatnashish vatanparvarlik nishonasidir.

“Meni yoqtirmasligingiz mumkin, ammo Eronni sevsangiz, saylovga chiqishingiz kerak," – dedi u.

Noyabr oyida hukumat benzinni cheklab qo’ygach va narxlar ko’tarilishi haqida ma’lum qilgach, 100 dan ortiq kichik va katta shaharlarda norozilik namoyishlari boshlanib ketib, xavfsizlik kuchlari ularni kuch bilan bostirishga majbur bo’ldi.

O’tgan oy Eron havo mudofaasi kuchlari Ukrainaga qarashli yo’lovchi samolyotni urib tushirganidan so’ng ham odamlar ko’chaga chiqib, diniy rahbariyatga qarshi shiorlar aytdi.

Kuzatuvchilarning bashorat qilishicha, islohotchi arboblar ko’rsatgan nomzodlarning 90 foiziga saylovda qatnashishga ruxsat berilmagach, saylovdan so’ng yangi parlamentda konservativ kuchlar ustun bo’ladi.

2016-yil saylovlarida islohotchilar va mo’tadil konservativ nomzodlar bir blokka birlashib, parlamentdagi 290 ta o’rinning 41 foizini qo’lga kiritgan edi. Qattiqqo’l siyosat tarafdorlari o’shanda ovozlarning 29 foizini, mustaqil nomzodlar esa 28 foizini olgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG