Breaking News

Gazga boy Eron uni tashqi yordamsiz qaziy olmaydi


Eron gaz inshootlaridan birida
Eron gaz inshootlaridan birida

Eron, ilmiy taxminlarga ko’ra, dunyoda eng katta tabiiy gaz zaxiralariga ega. Lekin bu davlat hozir o’zini bu mahsulot bilan zo’rg’a ta’minlay oladi. G’arb bilan yaqinlashishdan maqsad xorijdan sarmoya jalb etib, bu zaxiralarni tadqiq etish va ularni qazish uchun zarur infrastrukturani rivojlantirish.

Eronda tabiiy gaz ishlab chiqarish tizimi eskirgan. Uni ta’mirlash va takomillashtirish uchun kamida 100 milliard dollar kerak. Mamlakat chet el sarmoyasiga muhtoj.

Ikki yil oldin xalqaro hamjamiyat bilan erishilgan kelishuvga binoan ayrim to’siqlar olib tashlangan. Yevropa bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar paydo bo’lgan. Lekin AQSh bilan yo’l yopiq.

“Sanksiyalar olib tashlanmasa, Amerikaning biror kompaniyasi Eron bilan ishlay olmaydi. Hamkorlik qulflangan desak xato bo’lmaydi”, - deydi Germaniya-Eron Tijorat palatasi rahbari Rayner Yan.

Shunday ekan, Eron sarmoyani boshqa joylardan izlayapti. Hindistonda tabiiy gazga talab tobora oshib bormoqda. SAGE xususiy konsortsium bo’lib, bu ikki davlatni suv yo’llari orqali mukammal quvur bilan bog’lashi mumkin.

“Oman va Hindiston orasida qanday sistema barpo etish mumkinligini o’rganib chiqqanmiz. Biroq Eron bilan imkoniyatlar yuzasidan izlanish qiyin edi, chunki sanksiyalar amalda edi. Mana hozir SAGE Eron yuzasidan ham izlanmoqda”, - deydi ekspert Ayan Nesh.

Eronga gaz sanoatini tiklash uchun 100 milliard dollar kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

1300 kilometrlik va 5 milliard dollarga tushadigan gaz quvuri dengiz tubidan o’tadi, 2500 metr chuqurlikda. Sarmoyadorlar gaz narxiga qarab qaror qiladi, uni esa oldindan bilish qiyin.

“Bozorda gaz bahosi bir ko’tariladi, bir tushadi. Gaz ishlab chiqarish va eksport qilish borasida xuddi neft sohasidek OPEC degan tashkilot yo’q. Shu bois biz GPEC degan organ, ya’ni gaz eksportchilarini birlashtiradigan uyushma tuzmoqchimiz”, - deydi yana bir mutaxassi Vinsent Grut.

Eron albatta bu organda muhim rol o’ynagan bo’lar edi, lekin to’siqlar serob.

AQSh rahbari Donald Tramp Eron va G’arb orasidagi mavjud kelishuvga qarshi. Eronga nisbatan yangi sanksiyalar qo’yish kerak, deydi u. Tehron yadroviy maqsadlaridan qaytmagan, deya gumon qiladi Tramp.

“AQSh yangi sanksiyalar o’ylab topdi. Eron bilan ishlagan Yevropa kompaniyalari jazolanadi, vaholanki Yevropa Ittifoqi hamkorlikka monelik qilmayapti. Amerika bizning bozorga ham xo’jayin”, - deydi Rayner Yan.

Fransiyaning BNP Paribas kompaniyasi 2014-yilda Eron bilan hamkorlik qilgani uchun AQShga qariyb 9 milliard dollar jarima to’lagan.

Tehron atom dasturini to’xtatishga va’da berganida, unga nisbatan ayrim cheklovlar olib tashlangan. Lekin qolganlaridan hali beri qutulmasligi tayin, deydi ekspertlar, ayniqsa AQShning yangi prezidenti bilan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG