Breaking News

Isroil va Eron bir-birini bosqinchilikda ayblamoqda


Eron va Isroil bir-birini Yaqin Sharqda bosqinchilikda ayblamoqda. O’tgan hafta Germaniyaning Myunxen shahrida o’tgan xalqaro xavfsizlik anjumanida so’zlagan Isroil bosh vaziriga ko’ra, Tehron yaqin 10 yilda yadro qurolini yaratishga muvaffaq bo’ladi. Aytish joiz, Benyamin Netanyaxu salkam 10 yil oldin ham shunday degan edi.

Xalqaro hayot - 19-fevral, 2018-yil - Isroil va Eron bir-birini bosqinchilikda ayblamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00

Isroil Eronni o’ziga ashaddiy dushman deb biladi. Netanyaxu har chiqishida islomiy respublikani keskin tanqid qiladi.

“Eron bilan imzolangan xalqaro bitim Eronga yadro qurolini yaratish imkonini berdi. Yana 10 yildan so’ng bunga guvoh bo’lamiz”, - dedi u.

Netanyaxu anjuman minbarida Isroil tomonidan urib tushirilgani aytilayotgan Eronga qarashli dron qoldig’ini qo’lida ushlab turdi. Eron tahdidi mintaqada yangi ittifoqlarga sabab bo’ldi, dedi u.

“Bu tahdidni deb arab davlatlari va Isroil har qachongidan yaqinroq hamkorlik qila boshladi. Qizig’i shundaki, bu kengroq tinchlikka va keyinchalik Falastin-Isroil tinchligiga yo’l ochishi mumkin”, - dedi Netanyaxu.

Biroq hozircha bunday deyishga ancha erta. Netanyaxuning ma’ruzasidan bir necha soat oldin Isroil G’azo Sektorida falastinliklarga hujum qilib, ikki odamni o’ldirgan. Bundan oldin esa bomba hujumida to’rt isroillik askar yaralangan edi.

Eron tashqi ishlar vaziri Myunxendagi nutqida Isroil rahbarining ma’ruzasini tanqid qildi.

“Isroil qo’shnilariga qarshi bosqinchilik siyosatini yuritadi, samolyotlari Suriya, Livan va boshqa arab davlatlariga har kuni kirib chiqadi”, - dedi Muhammad Javod Zarif.

Uning aytishicha, Tehron mintaqada o’zaro hurmatga asoslangan tinchlikka intilmoqda.

“Eronning Fors ko’rfazidagi xavfsizligi yangi mintaqaviy xavfsizlik tizimini taqozo etadi”, - dedi Eron vaziri.

Shimoliy Koreya yadro quroli dasturini rivojlantirishda davom etarkan, yadro quroliga ega davlatlar o’z arsenalini yangilashga kirisharkan, anjumanda yadroviy urush tahdidi xavotir bilan tilga olindi.

Yadro qurollaridan voz kechish kampaniyasi tashkiloti direktori Beatris Finning aytishicha, xalqaro hamjamiyat boshqa yo’lni tanlashi lozim.

“Yadro qurollari insoniyat uchun eng katta xavfdir. Men barcha mamlakatlar hukumatlariga shuni eslatmoqchimanki, agar bugungi siyosat davom etaversa, atom quroli qo’llanilishi aniq. Kech bo’lmasidan zudlik bilan qurolsizlanish tomon qadam tashlashimiz kerak”, - dedi o’tgan yili Tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan tashkilot rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG