Breaking News

Eron Isroilga hujum qiladimi?


“Nyu-York Tayms” gazetasi Eron Oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiy XAMAS rahbari Ismoil Haniyaning o’limi uchun qasos olishga va Isroilga zarba berishga qaror chiqargani haqida xabar qilmoqda.

Isroil hukumati dunyo bo’ylab elchixonalari xavfsizligini kuchaytirishni buyurdi, fuqarolariga ehtiyot bo’lishni tavsiya qilmoqda.

Isroillik tahlilchilar Tehronda Haniyaning va Bayrutda “Hizbulloh” qo’mondonining o’limini Isroil uchun muvaffaqiyat deb atarkan, javob hujumi haqida ham ogohlantirmoqda.

"Har ikki taraf o’z so’zini aytish uchun yetarlicha qattiq zarba bermoqchi, biroq to’liq miqyosdagi urushni hech kim istamaydi”, - deydi Isroil harbiy razvedkasining sobiq rahbari Amos Yadlin.

Unga ko’ra, Isroilning har ikki amaliyoti 7-oktabrda Isroilga hujumdan so’ng obro’si tushgan razvedkasiga ishonchni tiklashga yordam beradi.

Yana bir isroillik mutaxassis nazarida, Haniyaning o’limi XAMASni yanada zaiflashtiradi.

“XAMAS G’azoda salohiyatini boy bermoqda. U G’azodan ketmaydi, hali ham kuchli, g’azoliklarga so’zini o’tkazishi mumkin, ammo harbiy tashkilot sifatida asta-sekin zaiflashmoqda”, - deydi Isroil sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Yaakov Amidror.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Haniyaning o’limi G’azoda tinchlikni o’rnatishga qaratilgan muzokaralarni izdan chiqarishi mumkinligidan xavotirda.

Kuzatuvchilar mintaqada kattaroq urush boshlanishi ehtimolini ham tashvish bilan tilga olmoqda.

Blinken Qo’shma Shtatlar Isroilning ushbu amaliyotiga aralashmaganini aytadi.

Tehronda Ismoil Haniya bilan vidolashuv marosimi bo’lib o’tdi. XAMAS rahbari juma kuni Qatar poytaxti Doxada dafn etiladi.

Eron va XAMAS uning o’limida Isroilni ayblasa-da, yahudiy davlati bu borada biror bayonot bergani yo’q, ammo Bayrutda “Hizbulloh” qo’mondonining o’ldirganini tan oldi.

"Fuad Shukrni nishonga olganmiz. U “Hizbulloh” tashkilotida ikkinchi raqamli odam edi, dahshatli terrorchi. Ismoil Haniya bo’yicha esa izoh bermaymiz”, - deydi Isroil hukumatining so’zlovchisi Deyvid Menser.

Fuad Shukr “Hizbulloh” harakatining rahbari Hasan Nasrullohning maslahatchisi, tashkilot boshida turganlardan hisoblangan. U payshanba kuni Bayrutda dafn etildi.

Haniya Misr, Qatar va AQSh vositachiligida olib borilayotgan tinchlik muzokaralarida qatnashgan, XAMASning diplomatik faolligi bilan tanilgan vakili edi.

Chorshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi majlis o’tkazib, diplomatlar Yaqin Sharqda kattaroq urushning oldini olishga qaratilgan harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.

Xitoy, Rossiya, Jazoir va yana bir necha mamlakat Haniyaning o’limini qoraladi, Eron uni terror xuruji deb atadi.

Britaniya elchisi Barbara Vudvord taraflarni bosiqlikka, G’azoda darhol otashkesimga kelishishga chaqirdi.

"Tinchlikka diplomatik muzokaralar orqali erishish kerak. Bombalar va o’qlar davomiy tinchlikka yetaklamaydi”, - dedi u.

Eron elchisi Amir Said Iravaniy Xavfsizlik Kengashini Isroilni qoralashga va sanksiyalar bilan jazolashga da’vat etdi, uning mamlakati Isroil hujumiga qat’iy javob berish huquqiga ega ekanini aytdi.

Isroil elchisining o’rinbosari Jonatan Miller esa Eron mintaqada terror harakatlarini qo’llab-quvvatlayotganini aytib, kengashni Tehronga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga ko’ra, shu hafta Eron proksilari bo’lgan XAMAS va “Hizbulloh”ga jiddiy zarbalar berildi.

"Bayrutga hujumdan so’ng har tarafdan isroilliklarga tahdidlar yog’ilmoqda. Biz bunday ssenariyga tayyormiz va bizga qarshi har qanday bosqinga qattiq javob beramiz”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG