Breaking News

Eron kuchlari va kurdlar o'rtasida to'qnashuvlar


Eron davlat telekanalining xabar berishicha, iyun o'rtalaridan beri Iroq va Eron chegarasida kurd isyonchilari hamda Eron inqilobiy kuchlari o'rtasida to'qnashuvlar ro'y bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarga qo'yilgan videolarda eronliklar kurd manzillarini nishonga olayotgani aks etgan.

Tehron e'lon qilgan ma'lumotga ko'ra, to'qnashuvlarda kamida yetti eronlik askar va o'ndan ortiq kurd halok bo'lgan. Raqamlarning haqqoniyligini tasdiqlashning imkoni yo'q.

Eronning Kurdiston demokratlar partiyasi bilan aloqador kurd isyonchilariga ko'ra, ular Erondagi ozchilik millat haq-huquqlarining Tehron tomonidan tan olinishini xohlaydi.

80 millionlik Eron aholisining to'qqiz foizini kurdlar tashkil etadi. Ular, asosan, sunniy musulmonlar, ammo siyosatda dunyoviylikni afzal ko'radi.

Janglar

Tehron mamlakatni beqarorlashtirishga urinayotgan terrorchilar bilan olishayotganini aytadi. Isyonchilarga ayrim qo'shni davlatlar moliyaviy yordam berayotganlikda ayblanadi.

Kurd rasmiylari esa mintaqada harbiy harakatlarni birinchi bo'lib Eron boshlaganini aytadi.

"Urushni biz boshlamadik, - deydi Eronning Kurdiston demokratik partiyasi yetakchilaridan biri Miro Aliyar. - Biz o'zimizni mudofaa qilyapmiz. Lekin biz mullalar rejimining kurd xalqini har kuni ezishiga yo'l qo'ymaymiz".

Erondagi kurdlar isyoni yangilik emas. Turli guruhlar, xususan, Turkiyadagi Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador isyonchilar ilgari ham hukumat bilan to'qnashuvlarga kirishgan.

Tahlilchilar bu mojaroning mahalliy darajada emasligiga urg'u beradi. Eronlik kurd isyonchilarining aksariyati uzoq yillardan beri Iroqning Kurdiston hududidan turib harakat qiladi. Ammo so'nggi to'qnashuvlar ortidan ularning ayrimlari chegaraga yaqin hududlarga ko'chgan.

90-yillar boshida Iroq va Eron kurdlari kelishuvga erishib, unga ko'ra, qurolli qarshilikni tark etgan Eron kurdlariga Iroqda boshpana berilishi belgilangan edi. Shu yil boshida Eron kurdlari Tehron kuchlariga qarshi harbiy amaliyotlar e'lon qilishi bilan bu bitim o'z kuchini yo'qotdi.

Kurdiston rasmiylari buning ortidan Tehron bilan munosabatlar yomonlashishidan xavotirda.

Tijoriy va siyosiy aloqalar

Iroqning Kurdiston viloyati Eron bilan yaqin iqtisodiy va siyosiy munosabatlarga ega bo'lib kelgan. Shu asosda Eron ham kurdlarning "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashini qo'llab-quvvatlab kelayotgan edi.

Vaziyatni nazorat ostiga olish uchun Tehron kurd rasmiylariga bog'langan. Yoshlarning isyonchilarga qo'shilishiga yo'l qo'ymaslik uchun turli dasturlar tashkil etilmoqda.

Eronliklar kurdlar bilan harbiy to'qnashuvlarga chek qo'yib, madaniy yo'l bilan ularga ta'sir o'tkazmoqchi; bu ular siyosatidagi jiddiy o'zgarish, deydi mahalliy kurd jurnalistlaridan biri.

Suriya va Iroqdagi ayrim hududlarda kurdlar nazoratining kuchaygani Eron kurdlarini ham ilhomlantirmoqda, deydi kuzatuvchilar.

"Suriyada bo'ladimi yoki Iroqdami, har qanday kurd g'alabasi butun mintaqadagi kurdlarga ijobiy ta'sir o'tkazadi", - deydi Aliyar.

Shu bois Erondagi kurdlar ko'proq madaniy va siyosiy huquqlar talab qilmoqda, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG