Breaking News

Eron AQShga yadro dasturiga doir bitimga bir paytda qaytishni taklif etmoqda


Eron hukumati Yevropa Ittifoqi Tehron va AQShning yadro dasturiga doir xalqaro bitimga qaytishiga yordam berishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Xalqaro hayot – 3-fevral, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:37 0:00

AQSh 2015-yilda imzolangan bitimdan Donald Tramp prezidentlikka kelganidan so’ng 2018-yilda chiqib, Eronga iqtisodiy sanksiyalar qo’ydi. Tehron shundan keyin hujjatga amal qilish majburiyati yo’qligini bildirib, uranni boyitishni jonlantirdi va AQSh sanksiyalarini bekor qilsagina bitimga qaytishini ma’lum qildi.

Biroq kuni kecha Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif AQShning CNN telekompaniyasi bilan intervyu chog’ida Yevropa Ittifoqi o’rtaga tushsa, Eron bitimga AQSh bilan bir paytda qaytishi mumkinligini aytdi.

Vashington bo g’oyaga munosabat bildirmadi hozircha. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o’tgan hafta Qo’shma Shtatlar shartnomaga qaytishi mumkinligiga ishora qildi.

“Eron bitim shartlariga to’liq rioya qilishga kirishsa, AQSh ham shu yo’ldan boradi”, - dedi u.

Jo Bayden prezidentlikka kelishi bilan AQSh ma’muriyatining Eronga doir bayonotlari yumshagan bo’lishi mumkin, ammo mintaqada taranglik hamon mavjud. O’tgan hafta Amerikaning B-52 bombardimonchi samolyotlari Fors ko’rfazi uzra uchib o’tdi. Bundan oldin esa Eron 20 foizgacha boyitilgan uranning 17 kilogrammini ishlab chiqargani haqida e’lon qildi. Yadro quroli uchun uran 90 foizgacha boyitilishi zarur.

AQSh taxminicha, Tehron yana 3-4 oyda atom bombasi uchun zarur materiallarga ega bo’ladi. Isroil hisoblarida esa 6 oy keltirilmoqda.

Yevropa davlatlari Vashingtonni Eron yadro dasturiga doir bitimga qaytishga chaqirmoqda.

“Yevropa Ittifoqi bitimni jonlantirsa bo’ladi deya umid qilmoqda. Bu ko’p tomonlama siyosat, global boshqaruvga bo’lgan majburiyatga to’g’ri keladi. Bundan tashqari, hozir bitimni jonlantirishga imkoniyat kattaroqdir”, - deydi Jeneva aspiranturasining “Global boshqaruv markazi”dan Erika More.

Biroq bitim tanqidchilari Bayden ma’muriyatini unga qaytmaslikka chaqirmoqda.

“Hozir Yaqin Sharqda bitim imzolangan 2015-yilga yoki AQSh undan chiqqan 2018-yilga qaraganda vaziyat ancha o’zgargan. Eron uni qo’pol ravishda buzib kelmoqda. Eron yadro dasturi salohiyatini oshirib, vaqtdan yutishga umid qilmoqda; Bayden ma’muriyatiga bosim qo’yib, uni bitimga tezroq qaytarishga yoki sanksiyalarni yengillashtirishga ko’ndirishga urinmoqda”, - deydi Vashingtondagi “Demokratiyalar himoyasi jamg’armasi”dan Benham Ben Taleblu.

Tramp prezidentlikdan ketishidan oldin maksimal bosim siyosati doirasida Eronga yangi sanksiyalar qo’ydi, biroq tahlilchi More nazarida, bunday yondashuv ish bermaydi.

“Butun boshli aholi turmushiga ta’sir qiluvchi choralar teskari natija beradi va AQSh hukumatiga siyosiy maqsadlariga erishishda foyda keltirmaydi”, - deydi u.

Boshqa tahlilchilar sanksiyalarni samarali deb hisoblaydi.

“Maksimal bosim natija berishi uchun vaqt kamlik qildi”, - deydi Taleblu.

Eronda iyun oyiga belgilangan prezident saylovlari Tehron va Vashingtonning siyosiy hisob-kitobini qiyinlashtirishi mumkin. Konservativ siyosatchilar Prezident Hasan Ruhoniydan yadroviy bitimdan butunlay voz kechishni talab qilmoqda.

“Ruhoniy bu ishni tezroq hal qilishga urinmoqda”, - deydi londonlik ekspert Juli Norman.

Yevropa hozircha Eronning vositachilik haqidagi fikriga munosabat bildirgani yo’q. Bayden Eron siyosati bilan shug’ullanish vazifasini 2015-yilgi bitimni ishlab chiqishda Obama ma’muriyati jamoasida faol bo’lgan diplomat Robert Malliga yukladi.

Bayden bitimga qaytish tarafdori, biroq Eron avval yadro dasturini to’xtatsin, deydi. Birinchi bo’lib AQSh sanksiyalarni bekor qilishi kerak deb kelgan Eron endi har ikki mamlakat talablarni bir paytda bajarsin, deya taklif bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG