Breaking News

Eron xalqaro inspektorlarni yadro inshootiga yo’latmadi


Birlashgan Millatlar Tashkilotining yadro masalalari bo’yicha bosh inspektori Xerman Nakerts Eronda o’tgan muzokaralar natijasiz yakunlanganini bildirmoqda.

Atom boshqarmasi delegatsiyasi yadroviy tadqiqotlar olib borilayotgani gumon qilingan Parchin harbiy kompleksini tekshirishga ruxsat so’ragan edi. Tehron rad javobini bergan.

“Vashington Post” gazetasining yoritishicha, Eron yadroviy dasturini rivojlantirishga harakat qilayotgan bo’lishi mumkin. Yaqinda Xitoydan minglab maxsus magnitlar xarid qilishga uringan, deyiladi maqolada.

BMT rezolyutsiyalari islomiy respublikaga ushbu vositalar importini taqiqlaydi.

Eron hukumatiga ko’ra, yadroviy tadqiqotlarning harbiy sohaga aloqasi yo’q. Biroq razvedka ma’lumotlaridan xabardor yevropalik bir diplomatning “Vashington Post” nashriga aytishicha, rasmiy Tehron uran boyitishni jadallashtirish uchun imkon qadar tezroq harakat qilayapti.

BMT Atom boshqarmasi vakili Xerman Nakertsga ko’ra, navbatdagi muzokaralar qachon o’tishi noma’lum.

26-fevral kuni Qozog’istonda BMT Xavfsizlik Kengashining besh a’zosi, Germaniya va Eron rasmiylari shu mavzuda gaplashishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG